Geografik komponent

Geografik komponent – geografik qobiq va landshaftlarning asosiy strukturaviy qismi. Geografik qobiq to`rt geografik komponent – atmosfera, biosfera, gidrosfera va litosferaning bir butunligidan iborat. Landshaft komponentlariga tog` jinslari, relyef shakllari, havo massalari, suvlar, o`simlik va hayvon turkumlari kiradi. Geografik komponent – tarmoq tabiiy geografik fanlar – geomorfologiya, iqlimshunoslik, okeanologiya, quruqlik gidrologiyasi, tuproqshunoslik, geobotanika, zoogeografiya va boshqalarning o`rganish predmetidir.