Geyger hisoblagichi qay tariqa ishlaydi?

Siz, balki, noyob metallarni izlashda hozirgi zamon kishisiga Geyger hisoblagichi — schyotchigi yordam berishi to’grisida eshitgandirsiz. Yoki bo’lmasa, odamlar atom portlashlaridan tug’iladigan xavf-xatarlar haqida gap ketganida ham Geyger hisoblagichini albatta eslashlari qulog’ingizga chalingandir. Har ikki holda ham gap raditasiya yoki nurlanish deb atalgan hodisa ustida ketayotir. Ayrim radioaktiv elementlar o’zlaridan shunday bir nurlarni tarqatadiki, Geyger hisoblagichi ko’magida ular aniqlab olinadi va o’lchanadi. Bu hisoblash apparati Xans Geyger tomonidan ixtiro qilingan, undan keyin esa Myuller degan olim tomonidan takomillashtirilgan. Hisoblagich vakuumli trubkadan iborat. U juda oddiy qurilgan: trubkaning ichida nozikkina shisha naycha joylashgan, naychada ikkita plastinka va ozgina miqdorda gaz, masalan, argon gazi bor. Sizga ichi gaz bilan to’ldirilgan trubka — reklama uchun ishlatiladigan ichidan nurlanib turuvchi neon trubkasi ancha yaxshi tanish. Agar kontaktlari yetarli yuqori kuchlanishli elektr energiyasi manbaiga ulansa, neon trubkasi yoki kunduziday yoritilgan lampaning ichidagi gaz yorug’lik bera boshlaydi. Yuqori kuchlanish gazni qamrab oladi va elektronlar yirik oqimining ikki plastina orasida harakatlanishiga imkoniyat yaratadi. Elektron oqimlarning harakati boshlanishi bilan trubka ichidagi gaz yorug’lik berib nurlana boshlaydi. Geyger hisoblagichida, aksincha, kuchlanish zaif bo’lib, gaz normal sharoitda yorug’lik tarqatmaydi. Endi, keling, bir tasavur qilaylikchi: agar Geyger hisoblash apparati radioaktiv modda bilan yonma-yon turib qolsa, nima bo’ladi? Uning nuralanishi trubka ichiga sizib o’tadi va gaz molekulalari bilan o’zaro ta’sirga kirishadi. Bundan gaz molekulalari energiya olib, gazni nurlantiradi. Shunday qilib, trubka orqali elektr toki o’tadi. Agar uni hisoblash apparati orqali o’tkazilsa, trubkaga kirib qolgan radiatsiyaning miqdori oydinlashadi. Bundan tashqari, o’tayotgan tokni «tik tik» etib ovoz berishga majbur qilish mumkin, bu ovozni odatda Geyger hisoblagichi berayapti, deb o’ylashadi. Geyger hisoblagichi radiatsiyaning bor-yo’qligini sezuvchi uskuna ekan, tabiiyki u, nurlanish bermaydigan narsalarni aniqlay olmaydi. Shu sababli nodir metallarni izlab topishda uning qo’llanish imkoniyatlari ancha cheklangan.