Gidrologiya
Gidrologiya (yunoncha gidro – suv, logos – fan) – gidrosferadagi tabiiy suvlarni o`rganuvchi fan. O`rganish ob’yektiga qarab ikki tarmoqqa – okean va dengizlar gidrologiyasi va quruqlik gidrologiyasiga bo`linadi. Quruqlik gidrologiyasi yana daryolar gidrologiyasi, ko`lshunoslik, botqoqlik gidrologiyasi va muzliklar gidrologiyasiga bo`linadi. Bu har bir tarmoqda gidrologik ob’yektlarning suv rejimi, suv balansi, suv dinamikasi, suv tagi hodisalari, issiqlik jarayonlari, suvning holati, kimyoviy va biologik jarayonlar o`rganiladi. Suv ob’ektlaridagi gidrologik prosesslar muayyan geografik sharoitda, geografik kompleks komponentlarining o`zaro ta’siri natijasi sifatida ro`y beradi. Shu sababli gidrologiya geografik fanlar sistemasiga kiradi va geologiya, geofizika, geokimyo, biologiya fanlari bilan chambarchas bog`liq. Gidrologiya statsionar, ekspeditsion kuzatish, dalada va laboratoriyada eksperimentlar o`tkazish, matematik statistika metodlaridan keng foydalanadi.