Gips nima?

Kishilar tomonidan gips-ganchdan foydalanish sur’ati keyingi yillarda shu qadar tezlashib ketdiki, natijada uni ishlab chiqarish ikki baravarga ko’paydi. Gips o’tga va suvga bardoshli, buning ustiga o’zidan issiq-sovuqni yomon o’tkazishi tufayli undan katta miqdorda qurilishlarda devorlarni qoplab bekituvchi vosita sifatida foydalanilmoqda. Darvoqe, gips bloklari va undan tayyorlangan g’ishtlarni taxta-yog’och singari arralash va ularga mix qoqish mumkin. Gipsga biroz miqdorda tsement va boshqa moddalarni aralashtirib suvoq ishlari uchun zarur materiallar tayyorlanadi. Buningdek qorishma zamonaviy imoratlarni tiklashda keng qo’llanilmoqda. Gips nima? Gips — bu, suv bilan kaltsiy sulfatning aralashmasi. Gipsning selenit deb ataluvchi nimshaffof tusdagi xili va alohida jilo berib yarqirovchi alebastr degan xili ma’lum. Gips yer qa’rida turli xil chuqurlikdagi qalin qatlamlardan olinadi: bu qatlamlarning bir xili deyarli yer sirtiga yaqin joyda uchrasa, boshqalari ancha chuqur joylashgan bo’ladi. Amerikaning Texas shtatida qatlamining qalinligi 100 metrdan ortiqroq, yuzlab kvadrat kilometr kenglikdagi maydonni egallagan gips qatlamlari bor. Gips qadimgi Misr zamonlaridan boshlab devor va shiftlarni suvash uchun qo’llanib kelingan. Gips o’z holicha yoki qum va ohak bilan aralashtirilib, undan ba’zan naqshlar ishlash, qoplovchi toshtaxtachalar tayyorlashda yoki suvoqpardoz qilishda foydalaniladi. Gipsdan g’isht yoxud devorlarning butun boshli bo’laklarini ham tayyorlash mumkin. Gipsdan film va spektakllarning dekoratsiyalari tayyorlanadi, undan haykaltaroshlar, jarrohlar va tish shifokorlari ham foydalanadilar. Gips arzon xom-ashyolardan bo’lib, uning zaxiralari yer kurrasining deyarli barcha qismlarida topiladi.