Slyuda nima?

Ehtimol, slyudani qo’lingizga siz bir marta olgansiz va uni o’yinqaroqlik bilan sindirib ham qo’ygandirsiz. Balkim, siz uni «yelimshak» deb o’ylagan bo’lishingiz mumkin. Slyuda — aslida ma’dan. «Slyuda» iborasi tog’ ma’danlarining butun bir oilasini o’z ichiga oladi, muskovit, flyugopit, biotit, lepidolit slyuda hisoblanadi. Ularning nomini talaffuz etish oson emas, shu boisdan bu ma’danlarni «slyuda» degan birgina so’z bilan atashadi. Yuqoridagi ma’danlar bir-biriga juda o’xshash, lekin har biri o’zicha bir metall turidir. Slyudalarning barcha turlari turli qatlamlarga oson ajraladi. Ular ancha yumshoq, sirtida hatto botgan tirnoq izlari ham bemalol qoladi. Ularning barchasi bir xil turdagi kristallarni vujudga keltiradi. Ular rangsiz-tussiz ham bo’lishi, yoki sariq, yashil, qizil, jigarrang va qora ranglarda tovlanib ko’rinishi ham mumkin. Slyuda yer qobig’idagi tog’ jinslari bag’rida bo’ladi. U kelib chiqishiga ko’ra vulqon jinslari tarkibiga kiradi, otilgan vulqon lavalari soviganidan keyin slyudaga aylanadi. Ayrim hollarda slyuda «metaformizm» deb atalgan jarayon natijasida, ya’ni bosim, issiqlik va suvning ta’sirida ro’y beradigan o’zgarishlar oqibatida boshqa ma’danlardan ham paydo bo’ladi. Slyudani shaxtalarda qazib olishadi. AQSh, Kanada, Hindiston, Madagaskar, Rossiya, Braziliya va Janubiy Afrika Respublikasi — slyudaga eng boy hududlardir. Slyudani sanoatda ishlatish uchun qatlamlarga ajratilib, kerak miqdorda bo’lak-bo’lak holida kesib olinadi. Slyuda o’zidan issiqlik va elektrni o’tkazmaydigan ma’dandir. Shu sababli undan elektr jihozlar ishlab chiqarishda va o’tga chidamli materiallar tariqasida foydalaniladi. Sizning uyingizdagi gazmol va boshqa elektr asbob-uskunalarida slyuda mavjud. Yana siz shisha ixtiro qilinguniga qadar odamlar derazaga slyudani o’rnatishganini eshitganmisiz?