GO’NGQARG’A
GO’NGQARG’A (Corvus frugilegus) — chumchuqsimonlar turkumining qarg’asimonlar oilasiga mansub qush. Yevropa va Osiyoda keng tarqalgan. O’zbekistonda tog’li yerlardan boshqa hamma joyda uchraydi. Bahorda Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryosi bo’ylarida koloniya bo’lib yashaydi. Baland daraxtlarning shoxiga koloniya bo’lib uya quradi. Qo’ng’ir xolli 3-7 ta ko’k tuxum qo’yadi. Jo’jasi tuxumdan 16-20 kunda chiqadi. 30 kundan so’ng uchirma bo’ladi. Go’ngqarg’a har xil hasharotlar va ularning lichinkalari, mayda kemiruvchilar, o’simlik urug’lari bilan oziqlanadi. Hasharotlarni ko’plab qirib, foyda keltiradi, ba’zan g’alla va poliz ekinlariga ziyon yetkazadi.