GRUZIYA

GRUZIYA (Sakartvelo), Gruziya Respublikasi — Zakavkazening Markaziy va garbiy qismida joylashadi davlat. Maydoni 69,7 ming km2. Aholisi 5411 ming kishi (1996). Poytaxti — Tbilisi shahri. Gruziya tarkibiga Abxaziya, Ajariya kiradi. 65 tuman, 62 shahar va 52 shaharcha bor. Davlat tuzumi. Gruziya — demokratik Respublika. 1995 yilda qabul qilingan Konstitusiyaga binoan davlat va ijroiya hokimiyat boshlig’i — prezident (1995 yil 5 noyabrdan E. Shevardnadze). U aholi tomonidan umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat — parlament. Tabiati. Gruziya tabiati xilma-xil. Hududi baland va o’rtacha balandlikdagi tog’lar, tepalik, pasttekislik, yassitog’lik va platolardan iborat. Respublikaning shimoliy Katta Kavkaz (gruzincha Kavkasioni)ning o’rta qismi bilan band. Gruziyaning eng baland nuqtasi — Shxara tog’i (5068 metr). Katta Kavkazning Gruziyadagi g’arbiy qismida karst relef shakllari uchraydi. Sharqida yosh vulkan tog’lari bor. Katta Kavkazning Janubdagi Kolxida va Iveri tekisliklarini Lix tizmasi ajratib turadi. Yana ham Janubroqda kichik Kavkazning Gruziya qismidagi o’rtacha tog’ (2850 metr) tizmalari kenglik bo’ylab cho’zilib yotadi. Respublikaning eng Janub chekkasi vulkan tog’ligi (didi-Abuli tog’i, 3301 metr) bilan band. Iqlimi subtropik iqlim bilan mo’tadil iqlim orasida. Kolxida pasttekisligida dengiz sathidan 500 — 600 metr balandlikkacha nam subtropik iqlim (yanvar temperaturasi 5 — 7°) bo’lib, yog’in ko’p yog’adi (1200 — 2600 millimetr). Iveri botig’ida yanvarning o’rtacha temperaturasi -2° dan -3° gacha, qish bilan yoz temperaturasi o’rtasida tafovut katta, yog’in kamroq (300 — 800 millimetr). Eng issiq oy — avgust temperaturasi 23 °— 26°. Gruziyaning Janubdagi tog’likda iqlim ancha kontinental bo’lib, qishi qattiq sovuq, ozroq qor yog’adi. Foydali qazilmalardan marganes rudasi (Chiatura koni), toshko’mir (Tkibuli, Tkvarcheli) va neft (Kolxida va tashqi Kaxeti), katta Kavkazda Nodir metall, polimetall va surma-mishyak konlari bor. Qurilish materiallari (marmar, slanes, tsement xom ashyosi va boshqalar) deyarli hamma joyda uchraydi. Gruziya o’zining xilma-xil ma’danli suvlari bilan ajralib turadi; bu jihatdan dunyoda yetakchi o’rinlarni egallaydi. Ma’danli suvlar kimyoviy tarkibi bo’yicha gidro- karbonatli, xloridli, sulfatli va aralash guruhlarga, gaz miqdorining bo’lishiga qarab karbonat angidridli va nokarbonat angidridli turlarga bo’linadi. Eng mashhur ma’danli suvlari: Borjomi, Sairme, Nabeglavi, Zvare, Dzau, Lugela va boshqalar. Gruziya daryolari qora va Kaspiy dengizlari havzasiga mansub. Kura Kaspiyga, Rioni, Inguri, Kodori va boshqalar Qora dengizga quyiladi. Gruziya gidroenergiya resurslariga boy. Gruziyada ko’l kam. Eng kattasi — paravani (maydoni 37 km2); Risa (chuqurligi 116 metr) va Amtkel (chuqurligi 72 — 122 metr). Tabaskuri, Palestomi va boshqa ko’llarda baliq ovlanadi. Gruziyada qizil, sariq, qora, qo’ng’ir, jigarrang va kul tus-jigarrang tuproqlar uchraydi. Tog’o’rmonlarida qo’ng’ir o’rmon tuproq, tog’o’simliklari o’sadigan joylarda — tog’-o’tloqi tuproq. Kolxida pasttekisligida botqoq va sarg’ish kulrang podzol tuproqlar katta maydonni egallaydi . Gruziyada 4500 turdan ko’proq gulli va 10000 ga yaqin sporali o’simlik bor. Relikt va endemik o’simliklar (dioskoreya, Pontiya va Kavkaz rododendronlari, shamshod, lavr-olcha, xurmo va boshqalar) ko’p. Maydonining 2/5 qismi o’rmon. Tog’o’rmonlarida eman, grab, kashtan, qoraqayin, tog’larning yuqori mintaqalarida qarag’ay, oqqarag’ay, qoraqarag’ay o’sadi. O’rmonlarning yuqori chegarasidan 2800 — 3500 metr balandlikkacha tog’o’tloqlari uchraydi. Katta Kavkazning o’tloq mintaqasida tog’ echkilari — Serna, bezoar echkisi, tog’takasi, qushlardan Kavkaz tog’kurkasi (ular), o’rmonlarda qo’ng’ir ayiq, asil bug’u, elik, silovsin uchraydi. Umuman Gruziyada sut emizuvchilarning 100 ga yaqin turi, qushlarning 330, sudraluvchilarning 48 va baliqlarning 160 ga yaqin turi mavjud. Tbilisi tabiiy milliy bog’i, qo’riqxonalar bor. Aholisining ko’pchiligi gruzinlar (70% dan ortiq). Shuningdek, arman, rus, ozarbayjon, osetin, grek, abxaz, ukrain va boshqalar yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi — 1 kilometr kvadratga 77,5 kishi. Davlat tili — gruzin tili. Aksariyat aholisi pravoslavlardir; katoliklar, protestant-lyuteranlar, musulmonlar ham bor. Aholining 56% shaharlarda istiqomat qiladi. Yirik shaharlari: Tbilisi, Kutaisi, rustavi, Suxumi, Batumi. Tarixi. Arxeologik qazilmalar bu yerda odam paleolit davridan boshlab yashab kelayotgani haqida ma’lumot beradi. Neolit davrida Gruziya hududida matriarxal- urug’chilik tuzumi bo’lib, eneolit davri va jez davrining boshlaridan (miloddan avvalgi 5 — 3-ming yillik) patriarxal-urug’chilik tuzumi shakllangan. Jez davrining oxirlarida (miloddan avvalgi 1-ming yillikdan) urug’chilik munosabatlari emirilib, quldorlik jamiyati yuzaga kelgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxirlarida Gruzin qabilalarining yirik uyushmalari vujudga keladi. Miloddan avvalgi 6-asrda Kolxida (G’arbiy Gruziya), miloddan avvalgi 5 — 4-asrlarda Iberiya yoki Kartli (Sharqiy, qisman Janubiy Gruziya) podsholigi tashkil topdi. Shundan Gruziya nomi Sakartvelo (kartvelilar tilida gruzin davlatining nomi) kelib chiqqan. 523 yil Eron Iberiyani bosib olib, bu erga o’z noibini tayinlagan. Sosoniylar sulolasi inqirozga uchragach, Iberiya Eronga tobelikdan qutuldi va hokimiyat mahalliy hukmdorlar qo’liga o’tdi. 7 — 8-asr boshlarida Gruziyaning deyarli hamma yerlarini arablar bosib olgan. Arablar hukmronligiga qarshi gruzin, alban va armanlar birgalikda kurash olib bordilar. 8 — 10-asrlarda alohida-alohida podsholiklar (Kaxeti, Tao-Klarjeti, Abxaziya podsholigi) vujudga keldi. Podsholiklar o’rtasida boshlangan o’zaro kurash 10-asrning 2-yarmi va 11-asrning boshlarida Gruziya yerlarini podsho Bagrat III (975 — 1014) boshchiligida yagona davlatga birlashtirish bilan tugadi. Podsho Xoeyd «Quruvchi» davri (1089 — 1125)da Gruziya Saljuq turklariga qarshi kurashib, zakavkazening ko’pgina qismini ozod qildi. Georgiy III (1156 — 84) va Tamara (1184 — 1213) podsholiklari davrida Gruziya Yaqin Sharqdagi eng kuchli davlatlardan biriga aylandi, siyosiy-iqtisodiy va madaniy ravnaqqa erishdi, 12-asrga kelib, siyosiy hokimiyat markazlashtirildi, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi ancha rivojlandi, shaharlarda hunarmandchilik va savdo ishlari taraqqiy etdi. Madaniyat va san’at ham ravnaq topdi. 1226 yilda Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi Gruziyani egalladi. 13-asrning 2-choragidagi mo’g’ullar istilosi Gruziyaning siyosiy birligiga, xo’jaligiga putur yetkazdi. 14-asrning 2-yarmida Gruziya Amir Temur qo’liga o’tdi. 16 — 18-asrlarda Gruziyaga Eron va Turkiya bostirib kirdi. Ichki kurash kuchaydi, natijada Gruziya bir necha mustaqil davlatga (Kartli, Kaxeti, Imereti podsholiklari va Samsxe, Guriya, Svaneti, Abxazeti knyazliklariga) ajralib ketdi. 18-asrning 2-yarmidan Kartli-Kaxeti davlati ancha kuchaydi. Iraqliy II eng yirik knyazliklarni o’ziga bo’ysundirib, davlatni qaytadan tiklash, xo’jalik va savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish yo’lida ko’p tadbirlar ko’rdi. 17 — 18-asrlarda Gruziyada adabiyot va tarixshu- noslik jonlandi, kitob nashr etila boshladi. 18-asrning 2-yarmida Rossiya-Gruziya munosabatlari vujudga kela boshladi: 1783 yil Georgievsk shahrida Rossiya bilan Kartli-Kaxeti podsholigi o’rtasida do’stlik shartnomasi tuzildi. Biroq Rossiya imperiyasi shartnomada belgilangan majburiyatlarini buzib, 1801 yil Sharqiy Gruziyani, 1803 — 64 yillarda G’arbiy Gruziyani ham bosib oldi. Bu esa ochiqdan-ochiq bosqinchilik edi, mana shu xiyonatkorlik sababli Imereti podsholigi va Gruziya knyazliklari tugatildi . Gruzin xalqi milliy davlatchilikni tiklash uchun, ruslashtirish siyosatiga qarshi kurashdi, bir qancha isyonlar ko’tarildi. Shu bilan birga Gruziya yerlarini qisman birlashtirish imkoniyati tug’ildi. 19-asrning 2-yarmidan gruzin xalqi milliy ozodlik harakatining yangi bosqichi boshlandi. Ammo Gruziyaning milliy davlatchiligini qayta tiklash masalasi Rossiyadagi 1917 yil Fevral inqilobidan, ayniqsa bolsheviklarning oktyabr to’ntarishidan so’ng qat’iy qilib qo’yildi. Bolsheviklar Rossiyadagi hokimiyatni qo’lga olganidan keyin Zakavkazening nufuzli siyosiy kuchlari Sho’ro hokimiyatini tan olmadilar va 1917 yil noyabrda mustaqil boshqaruv (Zakavkaze komissarligi)ni o’rnatdilar. Natijada Zakavkaze Federatsiyasi shakllandi, biroq uning tarkibiy qismlari iqtisodiy va siyosiy manfaatlari har xilligi, shuningdek, Turkiya bilan munosabatlar keskinlashganligi sababli Federatsiya yashashga noqobil bo’lib chiqdi va tez orada barbod bo’ldi. Gruziya hududining bir qismi (Batumi, Ozurgeti, Axaltsixe) ni Turkiya egallab oldi. Gruziyaning 1-milliy qurultoyi tomonidan 1917 yilda saylangan vakolatli xalq organi — Gruziya Milliy Kengashi 1918 yil 26 mayda mamlakatni mustaqil deb e’lon qildi va Gruziya Demokratik Respublikasini tuzdi. 1919 yil martda Milliy Kengash ta’sis Majlisiga aylantirildi. Respublika hukumati davlat chegaralarini belgiladi, gruzin tilini davlat tili deb e’lon qildi, maktablarni davlat ixtiyoriga oldi, davlat boshqaruv idoralari va sudlov ishlarini isloh qildi, mayda millatlar uchun maktablar ochdi va hokazolar. 1921 yil 21 Fevralda ta’sis Majlisi Gruziya Demokratik Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi. Biroq tez orada bolsheviklar Rossiyasi Gruziya mustaqilligini tan olish to’g’risida 1920 yil 7 mayda o’zi imzolagan shartnomani buzdi va 1921 yil 25 Fevralda qizil armiya Tbilisi shahrini ishg’ol qildi. Gruziya hukumati a’zolari chet elga ketishga majbur bo’ldi. Gruziya yana zabt etildi va bolsheviklar hukmronligi davrida 1922 yildan 1936 yilgacha Zakavkaze sotsialistik Federativ Sovet Respublikasi, 1936 yil 5 dekabrdan esa bevosita sobiq SSSR tarkibiga kirdi. Sovet hokimiyati davrida tuzilgan davlat muassasalari rasmiy tusda bo’lib, hamma ish Moskva ko’rsatmasi bilan qilinardi. Mustabid tuzumning shafqatsizliklariga qaramay, gruzin xalqi milliy mustaqillik uchun kurashni to’xtatmadi, faqat kurash usullarigina o’zgardi. 1924, 1953 va 1989 yillardagi g’alayonlar armiya yordamida bostirildi. 1990 yil oktabrda Gruziya Oliy Kengashi mamlakat nomini Gruziya Respublikasi deb atash to’g’risida qonun qabul qildi, davlat Gerbi, bayrog’i va madhiyasi matni hamda musiqasi o’zgartirildi. 1991 yil 9 aprelda Gruziya davlat mustaqilligi tiklandi. 1991 yil aprelda Oliy Kengash tomonidan Gruziya Respublikasi Prezidenti lavozimi ta’sis etildi, may oyida Z. Gamsaxurdia Prezident etib saylandi. 1992 yil yanvarda ichki siyosiy kuchlarning qarama-qarshiligi va aholi ko’pchilik qismining president olib borayotgan siyosatdan noroziliklari tufayli shu paytda tuzilgan harbiy Kengash Z. Gamsaxurdiani lavozimidan chetlashtirdi. 1992 yil martda harbiy Kengash tugatilib, E. Shevardnadze boshchiligida Davlat kengashi tashkil etildi. 1992 yil 11 oktabrda bo’lib o’tgan umumxalq saylovlarida Gruziya Respublikasi parlamentining yangi tarkibi va raisi, 1995 yil 5 noyabrda mamlakat Prezidenti saylandi. Gruziya — 1992 yildan BMT a’zosi. 1993 yilda u MDHga a’zo bo’lib kirdi. O’zbekistan bilan Gruziya o’rtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yil 16 martda o’rnatilgan. Milliy bayrami — 26 may — Davlat mustaqilligi qayta tiklangan kun. Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Gruziya fuqarolari parlament Ittifoqi (raisi E. Shevardnadze), demokratik tiklanish Ittifoqi (raisi A. Abashidze), Milliy-demokratik partiya (raisi I. Sarishvili), sotsialistik partiya (raisi V. Rcheulishvili), Xalq partiyasi (raisi M. Georgadze), Leyboristlar partiyasi (raisi Sh. Natelashvili) va parlamentdan tashqari ish yurituvchi yana bir necha partiya bor. Erkin kasaba uyushma birlashmalari ishlab turibdi. Xo’jaligi. Gruziya sanoati va qishloq xo’jaligi rivojlangan mamlakat. Milliy daromadda sanoatning ulushi o’rtacha 34%, qishloq xo’jalik ulushi 29%. Marganes rudalar, ferroqotishma, po’lat quvur, elektrovoz, yuk avtomobillari, metall qirqish stanoklari ishlab chiqarish yetakchi tarmoqlardir. Sanoati. Gruziya sanoati tarkibida keyingi vaqtlarda og’ir sanoat tarmoqlari muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Oziq-ovqat sanoati ham asosiy o’rinda turadi. Yengil sanoat, mashinasozlik va metallsozlik tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Yirik transport, elektrotexnika va vibratsiya mashinalari, payvandlash apparatlari, elektrotexnika buyumlari, hisoblash texnikasi priborlari, suv osti kanotli katerlar ishlab chiqariladi. Elektr energetikasi gidroelektr stansiyalar va yoqilg’i bilan ishlaydigan stansiyalardan iborat (Inguri GES, Rioni GES, xrami GES va Tbilisi, Tkvarcheli GRESlari). Yiliga o’rtacha 13,4 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Tkibuli va Tkvarchelida ko’mir qazib chiqariladi. Chiaturidagi katta marganes koni negizida konchilik sanoati rivojlangan. Marneulidagi mis-polimetall rudalarini qazib olish va boyitish asosida yangi tarmoq vujudga keltirildi. 2-jahon urushidan keyin Rustavida metallurgiya zdi qurib, ishga tushirildi. Turli quvur va prokat asosiy metallurgiya mahsulotidir. Rustavi azotli o’g’it, kaprolaktam va sintetik tola zavodlari va boshqa korxonalar kimyo sanoatini tashkil qiladi. Tbilisi, Kutaisi, Batumi va boshqa shaharlarda mashinasozlik va metallsozlik korxonalari, yirik elektrovozsozlik, avtomobilsozlik, stanoksozlik, asbobsozlik va elektrotexnika mahsulotlari zavodlari mavjud. Kaspi, Rustavidagi qurilish materiallari korxonalari tsement, shifer, blok, yig’ma temir-beton, g’isht, cherepitsa va boshqalar ishlab chiqaradi. Tbilisi, Kutaisi, Batumi, Gori shharlaridagi engil sanoat korxonalarida ipak, jun, ip gazlama, trikotaj, charm poyabzal va boshqalar ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat sanoatida choy, vino, konyak, shampan vinolari, tamaki, sabzavot va meva konservalari ishlab chiqarish salmoqli o’rin tutadi. Mahalliy ma’danli buloqlardan, ayniqsa Borjomi bulog’idan chiqadigan shifobaxsh suvlarni shishalarga quyish yo’lga qo’yilgan. Qishloq xo’jaligi. Dehqonchilik — Gruziya qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i. Mamlakat jami hududining 16,1% ga ekin ekiladi. Eng muhim ekini — choy (66 ming gektardan ortiq). Subtropik zonada tsitrus (mandarin, apelsin, limon), subtropik mevalar (xurmo, anor, mushmula, Feyxoa), tung (yuqori sifatli moy olinadigan o’simlik), asil lavr, bambuk va boshqalar o’stiriladi. Tokchilik — Gruziya qishloq xo’jaligining qadimgi tarmog’i. Gruziyada uzumning 400 dan ortiq navi bor. Uzum asosan Kaxeti, Imereti va Racha-Lechxumi tumanlarida yetishtiriladi. Rezavor mevalar ham ko’p miqdorda ekiladi. Donli ekinlardan makkajo’xori, arpa, bug’doy, texnika ekinlaridan tamaki, kungaboqar, qand lavlagi, efir moyli ekinlar, sabzavot va kartoshka anchagina maydonni egallaydi. Chorvachiligi asosan go’sht-sut va go’sht- jun etishtirishga ixtisoslashtirilgan; qoramol, cho’chqa, qo’y, tog’li tumanlarda echki boqiladi. Ko’pgina tumanlarda parrandachilik va pillachilik rivojlangan. Transporti mamlakat relefi va iqlimiga, gidrografiya tarmog’i, aholi zichligi, harakat tartibi va joylashuviga moslab uyushtirilgan. Elektrlashtirilgan temir yo’l uzunligi — 1,6 ming kilometrga yaqin. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari uzunligi — 21,6 ming kilometr, jumladan qattiq qoplamali yo’l — 20,3 ming kilometr. Dengiz transporti rivojlangan. Asosiy dengiz portlari: Batumi, Poti. Tbilisi, Kutaisi, Suxumi, Batumida aeroportlar, ko’pgina tumanlarda mahalliy aeroportlar bor. Boku — Batumi neft quvuri, shim. Kavkaz — Ozarbayjon gaz quvuri Gruziya hududidan o’tgan. Tbilisida metropoliten qurilgan. Yuk va yo’lovchi tashiladigan osma yo’llar tizimi mavjud. Gruziyadagi iqtisodiy beqarorlik va Gruziya — Abxaziya mojarosi oqibatida tashqi savdo tanazzul holatiga tushib qoldi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon. Pul birligi — lari. Sog’liqni saqlash. Kurort xo’jaligi va sayyohlikka katta ahamiyat beriladi. Gruziyaning tog’va dengiz iqlimi birga qo’shilib, ko’pgina dardlarni davolash uchun yaxshi sharoit yaratadi. Dengiz bo’yidagi past tog’va o’rta tog’mintaqalari iqlimi yordamida davolash ayniqsa sama- ralidir. Boy va xilma-xil o’simlik dunyosi — qarag’ay, bukigna bargli va aralash keng bargli o’rmonlar tabiat qo’ynida hordiq chiqariladigan va sog’liqni tiklaydigan rohatijon maskanlar hisoblanadi. 80 ga yaqin kurortda har yili 2 millionga yaqin kishi dam oladi. Bir qancha sayyohlik bazalari va marshrutlari mavjud. Shifobaxsh buloqlar, balchiq va Kare tog’laridan ham tibbiy maqsadlarda foydalaniladi. Eng mashhur kurortlari: Gagra, Pisunda, Yangi Afon, Suxumi, Maxinjauri, Kabu- Le, Abastumani, Gudauri, Sxaltubo, Menji, shovi, Borjomi va boshqalar. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Qadimgi yunon tarixchilari bergan ma’lumotlariga ko’ra, Gruziya hududidagi davlatlarda maorif antik davr namunasida tashkil etilgan. 3-asrning 2-yarmida asos solingan Kolxida oliy ritorika maktabi (Kolxida akademiyasi) maorifni rivojlantirish sohasida ko’p ish qildi. 4-asrda xristianlik davlat diniga aylangach, cherkov va monastirlar huzurida maktablar ochildi. Biroq, chet ellik istilochilarning bosqinlari gruzin madaniyati rivojini uzoq vaqt to’xtatib qo’ydi. 13-asrga kelib, katta fan va maorif markazlari — Gelat (G’arbiy Gruziya) va Ikaltey (Sharqiy Gruziya) akademiyalari barpo etildi. 17-asr 2-yarmidan chet ellarda gruzin alifbo va darsliklari bosila boshladi. Gruziya davlatchiligi tugatilgach (1801), maorif tizimi Rossiya namunasi asosiga o’tkazildi. 2000 yil Gruziyadagi 3500 dan ko’proq umumiy ta’lim maktabi va o’rta maxsus o’quv yurtlarida 850 mingga yaqin bola o’qidi. Gruzin va abxaz maktablari bilan bir qatorda rus, arman, ozarbayjon va osetin maktablari ham mavjud. Gruziyada 19 oliy o’quv yurti, jumladan Tbilisi va Suxumi universitetlari, politexnika, qishloq xo’jalik, tibbiyot va boshqa institutlar bor. 2000 yil Gruziyadagi oliy o’quv yurtlarida 100 mingdan ko’proq talaba ta’lim oldi. 200 ga yaqin pullik oliy maktablar ham mavjud. Asosiy ilmiy kuchlar Gruziya Fanlar akademiyasiga birlashgan. 2000 yil Gruziyada no muzey ishladi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Gruziyada 250 gazeta, 84 jurnal hamda 200 nashriyot, 13 axborot agentligi faoliyat ko’rsatadi. Ammo 15 tacha gazeta va jurnal muntazam ravishda chiqib turadi. Eng yirik rasmiy gazetalari: «Sakart-ve- Los Respublika», «Svobodnaya Gruziya», «Vecherniy Tbilisi». Nohukumat nashrlari: «Kavkasioni», «droni», «Jorjian tayme», «Iveriya-Ekspress», «Mimomxilveli», «rezonansi», «Axalgazrda Iverieli» va boshqa gazetalar. Gruziyada teleko’rsatuvlar 1956 yildan boshlangan. Davlat televidenie va radioeshittirish korporasiyasi, «Sakinform» milliy axborot agentligi, «Imrinda», «Bies- Press», «BGI» mustaqil agentliklari, «Kavkasioni», «Iberviziya» xususiy telekompaniyalari mavjud. Adabiyoti xalq og’zaki ijodiyoti namunalari zaminida paydo bo’lgan. Dahriy Amirani haqidagi epos miloddan avvalgi 3-asrdayoq ma’lum bo’lib, uning ko’p nusxalari hozirgacha yetib kelgan. O’rta asrlarda «Eteriani» (Shahzoda Abesalomning podachi qiz Eteriga muhabbati haqida), «Areshidze knyazligining mahv etilishi». «Arsen haqida qo’shiq» dostonlari yaratilgan. Milodiy 5-asrda cherkov adabiyoti rivojlandi. 10-asrda Georgiy Mechulining avliyolar haqidagi «Grigoriy dandzteli tirikchiligi» (951) asari paydo bo’ldi. Qadimgi Gruziya adabiyotida 12-asr taraqqiyot davri bo’ldi. Qahramonlik-g’aroyibot hikoyalari («Ameriani — Daryojaniani»), romanlar («Visramiani»), madhiya dostonlari («Abdul-Messiya», «Tamariani») paydo bo’ldi. Shota Rustavelining «Yo’lbars terisini yopingan Pahlavon» dostoni ham shu davrda yaratilgan. 17— 18-asrlarda gruzin xalqi siyosiy birlashishga intildi. Bu davrda «Afsonalar hikmati to’g’risida» nomli masallar to’plamining muallifi Sulxansaba orbeliani, «Gruziya musibatlari» dostonining muallifi David Guramishvili, muhabbat lirikasi ustasi Besarion Gabashvili ijodi salmoqli o’rin tutadi. 19-asrgacha bo’lgan Gruziya adabiyotida Sharq, birinchi navbatda fors adabiyoti an’analarining ta’siri kuchli edi. 19-asrning 1-yarmida Gruziya Rossiya tomonidan bosib olingach, Yevropa madaniyati bilan mustahkam aloqa o’rnatildi. Yosh gruzin adiblari romantizm g’oyasini dadil qabul qildilar. Milliy ozodlik va ijtimoiy adolat g’oyalarini kuylagan shoir A. Chavchavadze 19-asr Gruziya adabiyotida romantizmni boshlab berdi. Bu an’anani Gruziya Orbeliani, N. Baratashvili davom ettirdi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab adabiyotda Realizm tamoyillari paydo bo’ldi. Komediyalar muallifi, Gruziya teatrining asoschisi Gruziya Eristavi realizmning taniqli vakili edi. 19-asr 60-yillaridagi ijtimoiy vaziyat adabiyotning ravnaq topishiga imkon berdi. Tanqidiy realizm adabiyotda asosiy yo’nalish bo’lib qoldi. Milliy ozodlik harakati g’oyalarini I. Chavchavadze kuyladi («sharpa», «yo’lovchi xotiralari» dostonlari, «insonmi u» qissasi va boshqalar). 19-asr 80-yillarida Gruziya adabiyotiga A. Kazbegi va Vaja Pshavela kirib keldi. A. Kazbegi qissalarida («Elguja», «Padarkush», «Xevisberi Gocha») tog’lik gruzinlar hayoti rang-barang bo’yoqlarda tasvirlangan. Vaja Pshavela dostonlari («Baloxo’r», «mehmon va mezbon», «Alu- da Ketelauri», «Baxtrioni»), lirikasi va nasriy asarlarida o’sha davrning falsafiy va axloqiy muammolari o’z ifodasini topdi. 19-asr 90-yillarida Gruziya adabiyotida ijtimoiy hayotni qayta qurish masalalari Markaziy o’rinni egalladi. E. Ninoshvili, D. Kladiashvili o’z asarla rida kambag’al qishloq hayotining ayanchli manzarasini, dehqonlarning og’ir hayotini tasvirladilar. 1917 yil oktabrdagi davlat to’ntarishidan oldingi yillarda realistik adabiyot an’analarini Sh. Dadiani va N. Lordkipanidzelar davom ettirdi. Gruziyada sovet hokimiyati o’rnatilgandan keyin, bu yerda ham proletar madaniyati deb atalgan madaniyatni qaror toptirishga kirishildi, u har qanday hodisani tor sinfiy nuqtai nazardan baholardi. Ammo iste’dodli gruzin yozuvchilari bunday cheklanishni bartaraf etib, haqiqiy badiiy asarlar yaratishdi. Bular — Paolo Yashvili, Tisian Tabidze, Grigol Rokabidze, Simon Chikovani, Iraqliy Abashidze, Lado Asatiani, Nodar Dumbadze, Mixail Javaxishvili, Konstantine Gamsaxurdia, Polikarpe Kakabadze, Leo Kiacheli, Georgiy Leonidze, Iosif Grishashvili va boshqalar. Anna Kalondadze, Grigol Abashidze, Chabua Amirejibi. Otar Chiladze asarlari o’quvchilar orasida keng tarkalgan. Gruziya adabiyotining ajoyib namunalari o’zbek tiliga tarjima qilingan: Shota Rustavelining «yo’lbars terisini yopingan Pahlavon» dostoni, I. Abashidze dostonlari, N. Baratashvili va boshqalarning she’riy asarlari, N. Dumbadzening «Abadiyat qonuni», «Quyoshni ko’rayapman» romanlari va hokazolar. Me’morligi. Gruziya hududida qadimgi manzilgohlar eneolit (Shulaveris tepa shahar xarobasi), jez va ilk temir davri (Nasar tepa, Trialeti, Samtavro qo’rg’onlari)ga oid. Mtsxeta akropoli, Vani shahri xarobalari saqlangan (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi va milodiy dastlabki asrlar). Qadimgi «darbazi» tipidagi to’g’ri to’rtburchak tarxli va tomi yog’ochdan gumbazsimon, pog’onali gvir-gvini uylari keng tarqalgan. Xristian dinining qabul qilinishi (1-5-asrlar), yer egaligi munosabatlarining rivojlanishi natijasida shaharlar (Ujarma, Tbilisi) atrofiga istehkomlar qurilgan. Bazilika shaklidagi cherkovlar saqlangan (Bolnis Sioni, 478 — 493 yil va boshqalar). 6-asr 2-yarmidan markazi gumbazli 4 apsidali binolar (Jvari ibodatxonasi, Ateni Sioni va boshqalar) qurildi. 10-asr o’rtalari va 13 — 14-asrlarda yangi shaharlar qurildi, ko’pgina qadimgi shaharlarda qal’alar, yirik monastir ansambllari, soborlar qad ko’tardi. Binolar to’g’ri to’rtburchak tarhli, xochsimon gumbazli, old tomoni toqiravoqli, o’ymakori shaklda bezatilib, ichki devorlari va gumbaz ostita rasmlar tushirildi (Kutaisidagi bagrata ibodatxonasi, 10 — 11-asrlar, Mtsxetadagi Alaverdi va Svetisxoveli soborlari, 11-asr va boshqalar). 14 — 18-asrlarga oid shahar xarobalari (Gremi, 16-asr va boshqalar), ibodatxona, Monastir, qal’a (Ananuri, 16 — 17-asrlar), qo’rg’on (Xertvisi), karvonsaroy, ko’priklar saqlangan. 19-asrda Gruziyani Rossiya bosib olgach, klassitsizm uslubidagi inshootlar qurila boshladi. 19-asr 2-yarmida shahar me’morligida eklektizm hukmronlik qilgan bo’lsa, 20-asrdan milliy me’morlik shakllari va mavzulari vujudga keldi (Tbilisidagi Gruziya dvoryan zamin banki, hozirgi Respublika xalq kutubxonasi, 1912-16, me’mori A. N. Kalgin). 20-asrning 20-30-yillarida binolar sovet konstruktivizmi ruhida barpo qilindi (sanatoriy, dam olish maskanlari), an’anaviy milliy me’morlik shakllari qo’llanildi (ZAGES, 1927, me’morlar A. N. Kalgin, M. S. Machavariani, K. A. Leontev; Tbilisidagi «Dinamo» Stadioni, 1933 — 37, me’mori A. G. Kurdiani). 50-60-yillarda yirik sanoat shaharlari qurildi (metallurglar shahri — Rustavi va boshqalar), Tbilisi va boshqa shaharlarda ma’muriy binolar (Tbilisidagi hukumat uyi bosh korpusi, 1938 — 53, me’mori V. D. Kokorin va G. I. Lejava, V. D. Nasaridze ishtirokida), teatr, o’quv va sport inshootlari, mehmonxonalar («Iveriya» mehmonxonasi, 1967, me’mori O. D. Kalandarishvili, I. S. Sxomelidze ishtirokida) qad ko’tardi. Mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan ko’p qavatli uylar kurila boshladi. Yirik shahar va kurortlarning yangi bosh loyihalari ishlab chiqildi (Sxaltubo, Pisunda va boshqalar). Me’morlikda haykaltaroshlik, mozaika, rangtasvir, o’ymakorlikdan foydalanildi (Tbilisidagi baxt uyi, Tbilisi metropoliteni stansiyalari va boshqalar). Kichik shakl me’morligi (xiyobonlar, do’konlar, obidalar) barpo etish sohasida durust muvaffaqiyatlarga erishildi. Tasviriy san’ati. Miloddan avvalgi 2 — 1-ming yillikda tilla, kumush, jezdan bezak buyumlari (zargarlik, rangdor toshlar, metall, tosh o’ymakorligi), sirkor, naqshli sopol idishlar ishlangan (Trialeti qo’rg’onlari, Samtavro mozori va Mtsxetadan topilgan buyumlar). O’rta asrlarda ehromlarga bo’rtma haykallar va o’yma naqshlar ishlash rivojlangan, monumental rassomlik, miniatyura avj olgan (Jvari releflari, Sromi mozaikalari, 7-asr). 10 — 13-asrlar Gruziya san’ati gullagan davr bo’ldi: Kumurdo va oshki ehromlari, Svetisxoveli sobori (Mtsxeta), Ateni, Vardzia, Svanetiya cherkovlaridagi devor rasmlari (rassom Tevdore), Gelat Monastiri asosiy ehromining mozaikalari, astronomiya risolasi (1188) va boshqalar jozibadorligi bilan diqqatni tortadi. Metall kandakorligi Gruziya san’atining muhim tarmog’i: Zarzmadagi «tirilish» (9-asr), «Mehr» (11-asr) ikonalari, Brili (ustasi Asat), Bretidagi oltin butlar va boshqalar 19-asrdan rus san’atining ta’siri kuchaydi. 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida ba’zi rassomlar ijodida demokratik-realistik yo’nalish muhim o’rin oldi, portret san’ati rivojlandi (G. I. Maysuradze va boshqalar) va maishiy mavzuga e’tibor kuchaydi: R. N. Gvelesiani, A. L. Beridze, A. I. Gogiashvili, G. I. Gabashvili, A. I. Mrevlishvili, M. I. Toidze va boshqalar 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida hozirgi zamon Gruziya haykaltaroshligining asoschisi Ya. Sh. Nikoladze va rassom N. Pirosmanishvili ijod qildi. Tbilisida tashkil etilgan badiiy akademiya (1922) Gruziya tasviriy san’ati rivojiga katta hissa qo’shdi. 1950— 60 yillarda shu akademiyani bitirib chiqqan rassomlar E. Kalandadze, G. Kutateladze, K. Maxaradze, J. Nijaradze, R. Tarxan- Mouravi, J. Xundadze, N. Ignatov, T. Tordiya hamda san’atkorlardan A. G. TSI- makuridze, V. V. Sidamon-Eristavi, D. N. Kakabadze, ayol rassomlardan E. D. Axvlediani, K. K. Manalashvili, haykaltaroshlardan N. P. Kandelaki, S. Ya. Kakabadze, teatr rassomlaridan I. I. Gamrekoli, S. B. Birsaladze va boshqalar ijodi diqqatga sazovor. 1950 — 60 yillarda Gruziya rassomlarining yangi avlodi etishdi: G. D. Gelovani, E. A. Totibadze va boshqalar; A. M. Bandzeladze, T. L. Kubaneyshvili va boshqalar grafikada, E. D. Amashukeli, M. I. Vardzenishvili, D. Mikatadze va boshqalar haykaltaroshlikda, I. A. Ochiauri, G. 3. Gabashvili, K. E. Guruli va boshqalar metal o’ymakorligida ijod qildilar. Zurab Tseretelining monumental asarlari G.dagina emas, AQSh (Nyu-Yorkdagi BMT binosi yonida), Rossiya, Braziliya, Yaponiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda ham o’rnatilgan. Musiqasiga oid dastlabki ma’lumot miloddan avvalgi 8-asrdan boshlanadi. Xalq musiqasi xilma-xil shakl, uslub va janrlarda, bir ovozli kuylar bilan birga ko’p ovozli yo’llari ham mavjud. Kartuli, perxuli, xorumi kabi xalq raqslari, chonguri, panduri, changi (chertma-torli), chuniri (torli-kamonli), salamuri (naysimon), gudastviri (damli), Doli, Dayra (urma) singari xalq sozlari qadimdan ma’lum. Ko’p ovozli xalq qo’shiqlari ta’sirida cherkov musiqasi vujudga kelgan (14-asr). 18-asrdan shahar hunarmandlari musiqasi paydo bo’lgan. 19-asrdan kompozitorlik musiqa madaniyati rivojlana boshladi. Tbilisida opera teatri (1851), kamer va simfonik kontsertlar tashkil etilgan, xor kurslari va musiqa maktabi (1886 y.dan musiqa bilim yurti) ochilgan. F. Ya. Koridze, 3. P. Paliashvili, gruzin musiqiy folklorshunosligi asoschisi D. I. Arakishvili va boshqalar xalq qo’shiqlarini to’plab nashr etishgan. 1905 yilda Gruziyada filarmoniya jamiyati tuzilgan. 1904 yil D. I. Arakishvili birinchi milliy opera — «Shota Rustaveli qaqida qissa»ni yaratdi. 1919 yil Z. P. Paliashvilining «Abesalom va Eteri» operasi, V. I. Dolidzening «Keto va Kote» hajviy operasi sahnaga qo’yildi. 1917 yil Tbilisida konservatoriya ochildi. 1919 yil opera studiyasi ochilib, unda rus va G’arbiy Yevropa kompozitorlarining operalari sahnalashtirildi. 1922 yilda 2- konservatoriya ochilib, milliy opera rivoj topdi. Z. P. Paliashvilining «Daney», I. R. Tokielining «Qizil qalpoqcha» va «billur kavushcha», N. L. Mamisashvilining «Maqtanchoq quyoncha» kabi bolalar operalari yaratildi (bu operalar yangi taxrirda 60-yillarda sahnaga chiqdi). A. D. Machavariani, S. F. Tsintsadze, A. M. Balanchivadze kabi kompozitorlar jahon klassik adabiyoti asarlari asosida baletlar yaratishgan. 1930-yillar oxiridan simfonik janr yetakchi bo’lib qoldi. 40 — 50-yillar oxiri O. V. Taktakishvilining 1simfoniyasi bilan fortepiano kontserta, A. D. Machavarianining skripka kontserti (1949) va boshqalar asarlar yaratildi. Sh. Mshvelidzening «Tariel haqida afsona» epik monumental operasi Gruziya musiqiy teatrining yirik asaridir. O. Takishvili, R. Lagidze, G. Tsabadze, S. Nasidze, G. Kancheli va boshqa kompozitorlarning asarlari ko’p mamlakatlarda mashhur. Gruziya har doim iste’dodli dirijyor, xonanda va sozandalar bilan dong taratgan (E. Mikeladze, O. Dimitriadi, S. Inashvili, N. Kumsiashvili, D. Badridze, D. Gamrekeli, D. Andguladze, N. Xaradze, M. Nakashidze, P. Amiranashvili, Z. Sotkilava, M. Kasrashvili, P. Burchuladze, E. Virsaladze, A. Toradze, L. Isakadze, Z. A. Anjaparidze, N. Bregvadze, V. Kikabidze, T. Gverdtsiteli va boshqalar). Teatri. Gruziyadagi qadimgi hosil bayrami o’yinlarida teatr unsurlari bo’lgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalariga mansub kumush buyumlarda niqob taqib o’yinga tushayotgan kishilar tasvirlangan. Shu o’yinlarning unsurlari keyinchalik berikaoba deb atalgan niqobli xalq teatriga o’tgan. Uning tomoshalarida xalqning erksevarlik ruhi, zulmga qarshi kurashi aks etgan. Ksenoba deb atalgan ommaviy xalq karnaval bayramlari gruzinlarning ajnabiy bosqinchilarga qarshi kurashini aks ettirgan. O’rta asrlarda cherkovning quvg’iniga qaramay, saxioba deb atalgan saroy teatri rivojlandi. U afsonaviy, ishqiy va hajviy tomoshalar ko’rsatardi. 18-asrning 2-yarmiga kelib, teatr maktabi tarkib topdi. Gruziya professional teatri chor hukumati tomonidan 1856 yilda yopildi. Professional teatr asoschisi dramaturg Gruziya Eristavi edi. 1879 yil I. Chavchavadze va A. Tsereteli kabi yozuvchilar Tiflis va Kutaisida professional teatrlarni tashkil g’ilishdi. V. Abashidze, V. S. Aleksii Mesxashvili, N. Gabuniya, K. Mesxi, V. Guniya va boshqalar o’sha yillarning yirik aktyorlaridir. 90-yillarda Tiflis, Batumi, Kutaisida xalq teatrlari vujudga keldi. 1921 yil Tbilisida Sh. Rustaveli nomidagi teatr, 1928 yil Kutaisida K. A. Marjanishvili boshchiligidagi teatr tashkil etildi (1930 yil Tbilisiga ko’chirildi, 1938 yildan K. A. Marjanishvili nomi bilan ataldi). 1939 yil Sh. Rustaveli nomidagi Gruziya davlat teatr instituti vujudga kelgan. V. Anjaparidze, A. Vasadze, V. D. Godziashvili, U. Chxeidze, A. Xorava, N. Vachnadze, T. Chavchavadze, S. Chiaureli, K. Kavsadze, R. Chxikvadze, G. Kavtaradze, S. Zakariadzelar Gruziya teatrining yirik arboblaridir. M. Japaridze, M. Chaxava, K. Maxaradze, L. Ioseliani va boshqalar aktyor va rejissyorlar teatrga keyingi yillarda kirib keldi. Gruziyada opera, operetta va musiqa teatrlari, bolalar teatrlari mashhur. Gruziyada 38 ta davlat va o’nlab xalq teatrlari mavjud. Suxumi, Rustavi, Gori, Sxinvali, Chiatura, Telavi, Poti, Maxaradze, Zugdidi, Axaltsixe shaharlaridagi teatrlar shu jumlaga kiradi. Kinosi 1908 yil tasvirchi V. Ya. Amashukeli suratga olgan hujjatli filmdan boshlangan. Gruziyaning birinchi badiiy filmi «rohiba»dir. 1921 yil «Arsen Jorjiashvili», 1923 yilda «qizil shaytonchalar» filmlari ekranga chiqdi. «Uch hayot» (I. Perestiani), «kim aybdor» (A. Susunava) filmlari 30 — 40-yillarda yaratilgan. A. I. Beknazarov, I. Perestiani, N. Shengelaya, A. Susunava, M. Chiaureli, K. A. Marjanashvili kabi rejissyorlar, N. Vachnadze, M. Gelovani va boshqa aktyorlarning Gruziya kinematografiyasining yuzaga kelishida xizmatlari katta. «Georgiy Saakadze (M. Chiaureli), «Ko’prik» (S. Pipinashvili) filmlari 2-jahon urushi yillari ekranlashtirildi. «Ninachi», «ikki okean siri», «oq karvon», «Yolborish» kabi filmlar keyingi yillar mahsuli. Rejissyor M. Chxeidze ishlagan «Soldat otasi» filmi Gruziya kinosining yutug’i hisoblanadi. Gruziya kinematografchilari qisqa metrajli filmlar ustasi sifatida nom chiqargan. Gruzin kinosining yuksalishi hamda ajoyib filmlarning yaratilishi 50 – va 60-yillarda kinoga kirib kelgan rejissyorlar nomi bilan bog’liq. 50-yillardan boshlab ularning asarlari turli xalqaro kinofestivallarda 100 dan ortiq har xil mukofotlarga ega bo’ldi. «Lurja Magdani» (1955, rejissyor T. Abuladze, R. Chxeidze), «Soldat otasi» (1964, rejissyor R. Chxeidze), «Sening farzanding, yer» (1980, rejissyor R. Chxeidze), «yolborish» (1968, rejissyor T. Abuladze), «to’y» (1964), «soyabon» (1967, rejissyor M. Kokobadze), «Pirosmani» (1968, rejissyor E. Shengelaya), «g’aroyib ko’rgazma» (1968, rejissyor E. Shengelaya), «Birinchi qaldirg’och» (1975, rejissyor N. Mchedlidze), «Ezgulik daraxti» (1976, rejissyor T. Abuladze), «pog’ona» (1986, rejissyor A. Rexviashvili), «suram qal’asi to’g’risida afsona» (1986, rejissyor S. Parajanov), «tavba-tazarru» (1987, rejissyor T. Abuladze) va boshqa filmlar shular jumlasidandir. Keyingi yillarda Tbilisi teatr institutining kino fakultetini bitirib chiqqan san’atkorlar tomonidan yaratilgan «Avlodlar da’vati» (1981, rejissyor G. Choxeli), «Robinzoniada yoki ingliz bobom» (1986, rejissyor N. Jorjadze), «tilla qo’ng’iz» (1988, rejissyor D. Janelidze), «Sergaklar kuyoshi» (1991, rejissyor T. Babluani) va boshqa filmlar xalqaro kinofestivallarda yuksak e’tiborga sazovor bo’lgan. Hozir Gruziyada bir necha mustaqil kinostudiya va «Gruziyafilm» kinokontserni mavjud. 1991 — 2001 yillarda A. Tsabadze, D. Tsintsadze, N. Janelidze kabi rejissyorlar nufuzli xalkaro mukofotlarga sazovor bo’ldilar. O’zbekistan — Gruziya munosabatlari. Gruziya Respublikasi Prezidenti E. A. Shevardnadzening 1995 yil 4 sentabrda O’zbekistonga qilgan tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ko’maklashdi. Tashrif chog’ida bir qancha bitimlar imzolandi. O’zbekiston Respublikasi bilan Gruziya Respublikasi o’rtada erkin savdo-sotiq to’g’risidagi, investitsiyalarni o’zaro rag’batlantirish va himoyalash haqidagi, Xalqaro avtomobil qatnovi to’g’risidagi bitimlar, xalqaro avtomobil yuk tashuviga ruxsatnomalar ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tizimini vujudga keltirish to’g’risidagi bayonnoma o’zaro hamkorlikning me’yoriy-huquqiy negizini vujudga keltirdi. 1996 yil 27 — 28 mayda O’zbekiston Prezidenti I. Karimovning Gruziyaga tashrifi doirasida imzolangan davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar majmui bu negizni yanada mustahkamladi. Ularning eng muhimlari: O’zbekistan bilan Gruziya o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish haqidagi Deklarasiya, Moliya-sanoat guruhlari tuzishning asosiy qoidalari to’g’risidagi bitimdir. Ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bilan shug’ullanuvchi qo’shma O’zbekiston-Gruziya komissiyasi tuzildi. O’zbekistan bilan Gruziya o’rtasidagi tovar aylanmasi 1999 yilga nisbatan 2000 yilda salkam 3 baravar ortdi. 2000 yil O’zbekistonning eksportida paxta tolasi, energiya manbalari (neftni qayta ishlash mahsulotlari), oziq-ovqat, temir yo’l transporti xizmati, kimyoviy mahsulotlar, plastmassalar asosiy o’rin oldi. Meva va yong’oq, kofe, choy va shirinliklar, kimyoviy va shtapel tola, qora metallar va ulardan yasalgan buyumlar, mashina va asbob-uskunalar (uchish apparatlari qismlari), temir yo’l transporti xizmati, dori-darmon import qilindi, O’zbekiston Respublikasida gruzin sarmoyasi ishtirokidagi 7 korxona bor. «Real-KL» qo’shma korxonasi chetdan mol keltirish, savdo-vositachilik faoliyati bilan shug’ullanadi. «Argotur» sho»ba korxonasi 100% xorijiy sarmoya bilan ishlaydi va asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik, aviatsiya biletlarini bronlash va sotishdir. O’zbekiston Respublikasida Gruziyaning «Airzena» kompaniyasi (Gruziya havo yo’llari), «Trans-Jorjiya end kompani Limited», «O’zbek-Jorjian Trans K»» firmalarining vakolatxonalari mavjud. Bu kompaniya va firmalar yo’lovchi va turli yuklar tashish bilan shug’ullanadi. Gruziya portlari orqali O’zbekiston yuklarini xorijga tashish rivojlanmoqda. 1996 yilda shu yo’l orqali 100 ming tonna, 1997 yilda 285 ming tonna yuk tashildi. Gruziya orqali o’tadigan Yevropa-Osiyo transport yo’lagi — TRASEKA loyihasida O’zbekistan ham ishtirok etayotir.