Gulbadan begim

Gulbadan begim (1522, Kobul -1603, Dehli) — tarixiavis. Boburning qizi. Onasi Dildor begim. Boburning katta xotini Mohim begim qo’lida tarbiyalangan. 1529 yilda Agraga borgan. Yoshligidan adabiyot va tarixga qiziqqan. Zamonasining barcha bilimlaridan boxabar bo’lgan, fors tilini mukammal o’zlashtirgan, «Boburnoma»ni mutolaa qilgan. Umrining oxirigacha asosan Hindistonda yashagan, Makkada bo’lgan (1575-82). Akbar buyrug’iga ko’ra Bobur va akasi Humoyun haqida «Humoyunnoma» asarini yaratgan. Asarda 15-asrning oxiri — 16-asrning o’rtalarida Movarounnahr, Afg’oniston va Hindiston hududlarida ro’y bergan voqealar bayon qilinadi. Unda «Boburnoma»da tasvirlangan voqealarning davomi qalamga olingan, shuningdek, «Boburnoma»ga kirmagan ba’zi voqea-hodisalar aks etgan. Asar forsiyda yozilgan. Gulbadan begim Boburning tarixinavislik sohasidagi an’analarini davom ettirib, kitobida tarixiy voqealar bilan birga madaniyat, adabiyot, tilshunoslik, geografiya, etnografiya va boshqa sohalarga oid ma’lumotlarni ham keltirgan. Bobur hukmronligi davri voqealarini qisqa bayon qilib, Humoyun davrini batafsil yoritgan. Asarning 83 varaqdan iborat yagona qo’lyozma nusxasi Angliyaning Britaniya muzeyida saqlanadi. Unda voqea tugallanmagan, ingliz sharqshunosi Charlz Ryo o’z katalogida uning qisqa tavsifini bergan. Ingliz olimasi A.S. Beverij ingliz tiliga (London, 1902), S. Azimjonova o’zbekchaga (Toshkent, 1959) tarjima qilib, forscha asl nusxasi va izohlari bilan nashr ettirganlar. Tarixchi olim Abulfazl Allomiy «Akbarnoma» asarini yaratishda «Humoyunnoma»dan keng foydalangan. As: Humoyunnoma, T., 1959.