Hamid Olimjon

Hamid Olimjon (Olimjonov Hamid) (1909.12.12, Jizzax -1944.3.7, Toshkent; «Forobiy» qabristoniga qayta dafn etilgan) — shoir, publitsist, adabiyotshunos va jamoat arbobi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1943). Samarqanddagi bilim yurtida (1923-28), Pedagogika Akademiyasining ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida (1928-31) o’qigan va ayni paytda «Zarafshon» gazetasida bo’lim mudiri (1926— 27). Yoshlar gazetasi.da (1931), «qurilish» va «Sovet adabiyoti» jurnallarida mas’ul kotib, madaniy qurilish ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1932-34), Til va adabiyot instituti (1934-37) va o’quv-pedagogika nashriyotida bo’lim mudiri (1938-39), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib (1939-44). Hamid Olimjonning so’z san’atiga qiziqishi onasi Komila ayaning ertaklari hamda bobosi Mulla Azim xonadoniga kelib turuvchi Fozil Yo’ldosh o’g’lining doston va termalari asosida shakllangan. Dastlabki asarlari — «ko’klam» (she’rlar, 1929), «tong shabadasi» (hikoyalar, 1930). «Olov sochlar» (1931), «poyga», «o’lim yovga» (1932), «Daryo kechasi» (1936), «she’rlar» (1937), «o’lka», «Oygul va Baxtiyor» (1939), «baxt» (1940), «qo’lingga qurol ol!», «Ona va o’g’il» (1942), «ishonch» (1943) she’riy to’plamlari muallifi. Hamid Olimjon ijodining 1-davrida hikoyalar yozgan bo’lsa-da, uning iste’dodi ko’proq lirik she’riyat tabiati bilan uyg’un bo’lgan. Dastlabki she’rlarida yangi adabiyot va yangi adabiy shakllar yaratish g’oyasi hukmronlik qilgan. 30-yillarning o’rtalariga kelib, hayotiy va ijodiy tajribasi oshishi bilan Hamid Olimjon ona-yurt tabiatidan, jamiyat va xalq hayotidan olgan boy taassurotlarini lirik she’r doirasida yorqin badiiy ifodalash san’atini egallay boshlagan («Kuychining xayoli», «Ofeliyaning o’limi», «holbuki, tun…», «Ishim bordir o’sha ohuda» va boshqalar). 2-jahon urushigacha bo’lgan ijodida 20- asr o’zbek lirikasining yaxshi namunalari hisoblangan «o’rik gullaganda», «sevgi desam…», «Tinim-sizdir yolg’iz shabboda…», «Shodlikni kuylaganimning sababi», «O’zbekiston» singari lirik she’rlarini yozgan. Bu she’rlar g’oyaviy mundarijasi, shakli, go’zal tili va uslubi bilan e’tibor qozongan. 1916 yil Jizzax qo’zg’olonining shafqatsizlik bilan bostirilganini ko’rgan shoir 30-yillarda sovet mamlakatida olib borilgan qurilishlar, ro’y bergan iqtisodiy va madaniy o’zgarishlarni ko’rib, kelajakka katta umid bilan qaragan. Hamid Olimjon qalbi va shuurini egallagan shunday nekbin tuyg’u va xayollar uning ijodida romantik tasvir metodining shakllanishiga sababchi bo’lgan. Shoir faqat lirik she’rlaridagina emas, balki shu davrda yaratgan «ikki qizning hikoyasi» (1937), ayniqsa, «zaynab va omon» (1938) dostonlarida ham voqelikni shu metod yordamida tasvir etishga intilgan. Hamid Olimjon «Oygul bilan Baxtiyor» (1937) hamda «Semurg’yoki Parizod va Bunyod» (1939) dostonlarini xalq ertaklari motivlari asosida yaratgan. Bu asarlar erksevarlik g’oyalari, o’z taqdirini xalq va mamlakat taqdiri bilan bog’lagan qahramonlari hamda badiiy jozibasi bilan kitobxonlar e’tiborini qozongan. 2-jahon urushining dastlabki yillarida Hamid Olimjon o’zbek folklori uchun xarakterli bo’lgan ona va o’g’il obrazlaridan, shuningdek, xalq og’zaki ijodiga xos tasvir usuli va vositalaridan yana ham keng foydalanib xalqni kurashga, mardlik va jasoratga ilhomlantiruvchi she’rlar yozgan («qo’lingga qurol ol!», «Sharqdan G’arbga ketayotgan do’stga», «Qamal qilingan shahar tepasidagi oy» va boshqalar). Ayni paytda u romantik tasvir usulidan foydalangan holda «Sevgi», «Sen tug’ilgan kun», «jangchi Tursun», «Roksananing ko’z yoshlari» singari she’r va balladalarini yaratgan. Pogodin, uyg’un va Sobir Abdulla bilan hamkorlikda «O’zbekiston qilichi» (1942) dramasini yozgan, front safari (1943 yil, Fevral) taassurotlari asosida esa publitsistik maqola va ocherklarini e’lon qilgan. Hamid Olimjonning «Muqanna» (1943) tragediyasi ham urush davrining ijtimoiy buyurtmasi asosida maydonga kelgan. Hamid Olimjon ushbu asarning Markaziy qahramonlari — Muqanna, uning sevgilisi Guloyin va boshqa qahramonlar obrazlari orqali har bir mamlakatning mustaqilligi masalasi xalq taqdiri. shu xalqning ozodligi, farovonligi va kelajagi bilan bog’liq g’oyat muhim ijtimoiy va siyosiy masala ekanligini ko’rsatib bergan. Hamid Olimjon adabiy ijod bilan birga ilmiy tadqiqot ishlari bilan ham mashg’ul bo’lgan. Ammo u shu davrda yozgan maqolalarida vulgar sosiologizm ta’siridan chiqib keta olmay, ayrim millatparvar yozuvchilar ijodini qoralagan. 30-yillarning 2-yarmida esa Hamid Olimjon «Alpomish» xalq eposini nashrga tayyorlash va Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan uning adabiy merosini o’rganish jarayonida mumtoz o’zbek adabiyoti va xalq og’zaki ijodiga katta mehr bilan yondashgan va madaniy merosimizning bu oltin sahifalarini to’g’ri ilmiy pozisiyadan turib talqin etgan. U Navoiy komitetining mas’ul kotibi sifatida ulug’ shoir merosini o’rganish va asarlarini rus tiliga tarjima qilish ishiga katta hissa qo’shgan. Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlangan «Alpomish» dostoni (Fozil Yo’ldosh o’g’li) esa uzoq yillar davomida xalq og’zaki ijodi asarlarini o’rganish va ilmiy nashrini tayyorlash ishida asos bo’lib xizmat qilgan. Hamid Olimjon adabiy ijodining muhim qismini badiiy tarjima tashkil etgan. U A.S.Pushkinning «Kavkaz asiri» va «suv parisi» dostonlari, M.Yu.Lermontovning «Zamonamiz qahramoni» qissasidagi «Bela» va M.Gorkiyning «Chelkash» hikoyalari, N.Ostrovskiyning «Po’lat qanday to- Blandi» romani, A.Korneychukning «Platon krechet» pesasi, shuningdek, Bayron, Pushkin, Shevchenko, P.Tichina, M.Bezimenskiy, M.Svetlov, K.Simonov, V.Inber kabi shoirlarning ayrim she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Hamid Olimjon 35 yoshida avtomobil halokati natijasida vafot etgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, yozuvchilar uyushmasining adabiyotchilar uyi, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahrida shoir nomi bilan atalgan maydonda unga haykal o’rnatilgan (1990). As: asarlar [5J.li], 1-5-j.lar, T., 1970— 72; mukammal asarlar to’plami [YuJ.li], 1 — 10-j.lar, T., 1979-84. Ad.: Azimov S. Hamid Olimjon abadiyati. T., 1967; Sen elimning yuragida yashaysan [H.Olimjon haqidaxotiralar], T., 1973; Mamajonov S, shoir dunyosi, T., 1974; Karimov N., Go’zallikningolmos qatralari [H.Olimjon lirikasi], T., 1979; Karimov N., Hamid Olimjon. Shoir hayoti va ijodidan lavhalar. T., 1979. Naim Karimov.