Hamid G’ulom

Hamid G’ulom (G’ulomov Hamid Ubaydullayevich) (1919.25.4 — Toshkent — 2005.21.8) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1979), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1969). O’rta Osiyo industrial institutining ishchilar (1933) va tog’ fakultetlarini, Pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetida Moskvadagi Oliy adabiyot kursida ta’lim olgan. «Qizil Tojikiston» gazetasida adabiy xodim (1938-41), JCHM O’zbekiston davlat nashriyotida muharrir (1941— 42), respublika radio komitetida suxandon va muharrir (1943 -44), «qizil O’zbekiston» gazetada bo’lim mudiri va mas’ul kotib (1944— 54), «literaturnaya gazeta»ning O’zbekiston bo’yicha maxsus muxbiri (1956— 58), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hay’atida kotib (1958-65), «Sharq yulduzi» jur.da bosh muharrir (1965-71), G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida direktor (1971-81). Ilk she’rlar to’plami — «qasosim bor» (1942). «Haykal» (1943), «Salyut» (1945), «Vatan kuylari» (1949), «yangi bog'» (1951), «dalamizga keling» (1954), «Qit’alar uyg’oq» (1960), «oshiq ko’ngil» (1974) singari she’riy to’plamlar hamda «Hayot ishqi», «Lola ko’l», «Amazonka qo’shig’i» singari dostonlar muallifi. Hamid G’ulom she’riyatiga xos asosiy xususiyat shundaki, u lirik qahramonning ruhiy olamini ochish, uning tuyg’u va kechinmalaridagi iztirob va ichki kurashni tasvirlashga emas, balki umuminsoniy fikr va g’oyalarni kuylashga ko’proq urg’u bergan. Ko’pincha tantanavor ohanglar yordamida voqelikka bo’lgan munosabatini ifodalashga, kitobxon bilan muloqotda bo’lishga intilgan. Hamid G’ulom «Olmos qizi» (1956) ilk qissasidan keyin nasriy janrlarda ko’proq ijod qilg’an. 2 kitobdan iborat «mash’al» (1958-61) romanida o’tgan asrning 20-yillarida O’zbekistonda sosialistik tuzumning barpo etilishi bilan bog’liq voqealarni aks ettirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Mazkur romandagi bir necha qahramonlar (Botirali, E’zozxon va boshqalar) obrazi mahorat bilan tasvirlanganiga qaramay, murakkab va hatto fojiali tarixiy davr unda o’zining bir yoqlama ifodasini topgan. Yozuvchi «senga intilaman» (1963) romanida 50-yillarda qo’riq va bo’z yerlarning o’zlashtirilishi mavzuiga murojaat etgan, «toshkentliklar» (1967) romanida esa hamshaharlarining 2-jahon urushidan avvalgi va urush yillaridagi fidokorona mehnatini tasvirlash asosida o’zbek xalqiga xos jasorat va qahramonlikni badiiy mujassamlantirishga intilgan. Hamid G’ulomning «binafsha atri» (1976) romani ham Mirzacho’lning o’zlashtirilishi mavzuida. Hamid G’ulom tarixiy-inqilobiy mavzudagi «Mangulik» (1978) romanidan keyin mumtoz o’zbek adabiyotining mashhur namoyandasi Mashrab hayotiga bag’ishlangan navbatdagi romanini yaratgan. Hamid G’ulom musiqali drama teatri uchun «Farg’ona hikoyasi», «o’g’il uylantirish» (1963), «dil ko’zgusi», «tosh-bolta oshiq» (1965), «ajab savdolar» (1968) va «muhabbat navosi» pyesalari hamda opera teatri uchun «Xorazm qo’shig’i» (1964) librettosini yozgan. Komik roller ustasi S.Xo’jayev ijro etgan Toshbolta oshiq to’g’risidagi komediyasi Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan. U.Shekspirning «o’n ikkinchi kecha», Lope de Veganing «qo’zi buloq» pyesalari, Firdavsiy «Shohnoma»siga kirgan ayrim dostonlar, shuningdek, A.Pushkin, M.Lermontov, T.Shevchenko, M.Gorkiy va boshqa yozuvchilarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. «El-yurt hurmati» (1988) va «mehnat shuhrati» (2004) ordenlari bilan mukofotlangan. As.Tanlangan asarlar [3 j.li], 1-3- j.lar, T., 1962-72; Lola ko’l, T., 1973; Asarlar, 4 j.li, T., 1978-79; Vafoning uzun yo’li, T., 1988. Ad.Vladimirova N., Sultonova M., Qahramonning shakllanishi, T., 1968; Boyqobilov B.. Shermuhamedov P.. Ijodning yulduzli onlari, T., 1979.