Hamzatov Rasul Hamzatovich

Hamzatov Rasul Hamzatovich (1923. 8.9, Dog’iston Respublikasi, Xunzax tumani tsada qishlog’i — 2003.3.11) — avarchi, ko’chma avar teatrida rejissyor yordamchisi, respublika gazeta tahririyati va radio qo’mitasida adabiy xodim bo’lib ishlagan (1940 — 45). Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi adabiyot institutda tahsil ko’rgan (1945-50). Ilk she’rlar to’plami — «Ilhombaxsh muhabbat, olovli nafrat» (1943). «Bizning tog’lar» (1947), «mening yurtim» (1948), «tog’lik o’lkasi», «Tug’ilgan yilim» (1950), «katta og’a sha’niga» (1952), «Dog’iston bahori» (1955), «Qalbim mening tog’larda» (1959), «Yuksak yulduzlar» (1962), «bitiklar» (1963), «Yulduz yulduz bilan so’zlashar» (1964), «yillar ortidan yillar» (1968), «O’choq boshida» (1969), «chegara» (1972), «Muhabbatnoma» (1974), «so’nggi narx» (1976) va boshqa she’riy kitoblar muallifi. Hamzatov ijodi Sharq va G’arb she’riyati an’analari o’zaro tutashgan nuqtada paydo bo’lgan betakror hodisadir, Hamzatovning Sharq tarovati bilan yo’g’rilgan va tog’li o’lka kishilarining o’ziga xos ruhiy olamini aks ettirgan she’rlari 50-yillarda milliyligi, samimiyligi, lirik his va tuyg’ularning bokiraligi bilan kitobxonlar va tanqidchilar e’tiborini qozongan. Hamzatov she’rlarining lirik qahramoni kishilardagi yaxshi fazilatlarni qadrlay biluvchi, o’zi ham boshqalarga mehr-muhabbatini ayamaydigan, katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan, ruhiy olami boy va go’zal insondir. Hamzatov she’rlarida ana shu lirik qahramon qalbining tamannolari yorqin ifoda etilgan. Hamzatov, o’z tabiatiga ko’ra, lirik shoir. Shunga qaramay, u doston janrida ham ijod qilib, «Otam bilan suhbat» (1953), «tog’qizi» (1958), «onalarni asrang» (1978) kabi barkamol dostonlarini yaratgan. Uning hayot va adabiyot, ona-Vatan va zamondoshlar haqidagi «mening Dog’istonim» (1-2-kitoblar, 1967-71) lirik qissasi 60-yillarning 2-yarmida qardosh xalqlar adabiyotida soxta Vatanparvarlik goyalari o’rniga milliy g’oya va milliy g’urur tuyg’usining shakllanishida muhim rol o’ynagan. Hamzatovning she’riy va nasriy asarlari, boshqa xalqlar adabiyoti qatori, shu davr o’zbek adabiyotiga ham ta’sir o’tkazgan. Xususan, Shukrulloning «javohirlar sandig’i» lirik qissasi Hamzatovning «mening Dog’istonim» asari ta’sirida maydonga kelgan. Hamzatov asarlari jahonning ko’plab tillariga, shu jumladan. o’zbek tiliga tarjima qilingan. Hamzatov G’afur G’ulom, Asqad Muxtor, Hamid G’ulom, Shukrullo, Abdulla Oripov singari o’zbek shoirlari bilan ijodiy aloqada bo’lgan. As: yuksak yulduzlar, T., 1964; moy Dagestan, M., 1977; Sobranie sochineniy, t. 1-5, M., 1980-82; Ostrov Jenshin. Novne stixi i poemm, M., 1983; Sudi menya po kodeksu lyubvi, M., 2003. Ad.: Deme ntev V.V., Rasul Gamzatov, M., 1984.