Harbiy-havo kuchlari

Harbiy-havo kuchlari – qurolli kuchlarning operativ-strategik topshiriqlarni hal etishda mustaqil yoki qurolli kuchlarning boshqa turlari bilan hamkorlikda harakat qilish uchun mo’ljallangan turi. Zamonaviy Harbiy-havo kuchlari jangovar imkoniyatlariga ko’ra dushman aviatsiyasi, raketa qo’shinlari, quruqlik va dengizdagi harbiy gruppirovkalarga, muhim harbiy ob’yektlarga qaqshatqich zarba berishga qodir. Harbiy-havo kuchlari quruqlikdagi qo’shinlar va harbiy-dengiz flotida o’tkaziladigan jangovar operatsiyalar, havo razvedkasi va havo desantini amalga oshirish, qo’shinlarning manyovr qilishiga va ularning ta’minlanishiga ko’maklashadi. Harbiy-havo kuchlari qurolli kuchlarning asosiy turlaridan biri bo’lib, muhim xususiyatlari keng miqyosda va yuksak darajada manyovr qilish, bir yo’nalish va bir ob’yektdagi jangovar harakatni zudlik bilan boshqasiga ko’chirish, shuningdek, dushmanning orqa tomoniga ta’sir o’tkazish, ularning yirik statsionar va harakatdagi ob’yektlarini yakson etish uchun havodan turib qo’qqisdan zarba berishdan iborat. O’zbekiston Harbiy-havo kuchlari Qurolli Kuchlarning eng yuqori manyovrlangan qo’shin turlaridan biri hisoblanadi. Ular quruqlikdagi qo’shinlarni aviatsion jihatdan qo’llab-quvvatlash, havo desantchilarini tashlash, qo’shin va moddiy vositalarni havo orqali tashish, havo razvedkasini o’tkazish, jang maydonida bo’layotgan yirik operatsiyalarning borishi va yakunlanishiga ta’sir qilish, respublika havo chegaralarini mustahkam qo’riqlash, kabi imkoniyatga ega. Harbiy-havo kuchlariga havodan turib dushmanning aviatsiya, quruqlikdagi qo’shinlarini yakson qilish, davlat va harbiy boshqaruv tizimi, front va harbiy-iqtisodiy qudratiga molik ob’yektlar, transport kommunikatsiyalariga zarba berish vazifasi yuklatilgan. O’zbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlari bombardimonchi, qiruvchi-bombardimonchi, qiruvchi aviatsiyadan, hujum, razvedka va transport aviatsiyasidan, shuningdek, turli maqsadlarga mo’ljallangan vertolyotchi qismlardan iborat. Mamlakatimiz Harbiy-havo kuchlari zamonaviy qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar, jangovar samolyotlar, vertolyotlar bilan ta’minlangan.