Harbiy orkestr

Harbiy orkestr – harbiy qismlardagi puflama sozlar orkestri. Tarkibining asosini mis-puflama cholg’ular (kornet, Alt, tenor, bariton)lar tashkil etadi. Kengaytirilgan holatda yog’och-puflama, shuningdek, valtorna, truba, trombon, barabanlar va boshqalar cholg’ular kiritiladi. O’rta Osiyoda o’tmishda karnay, surnay, nog’ora, dovul va boshqalardan iborat Harbiy orkestr bo’lgan. 19-asrning 2-yarmidan yevropacha turdagi Harbiy orkestr qo’llanilmoqda. O’zbekistonda Qurolli Kuchlar, ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati qo’shinlari, harbiy o’quv yurtlari va shtablari qoshida jami 30 ga yaqin Harbiy orkestr faoliyat ko’rsatadi. Ular faoliyati (repertuari va boshqa masalalari) ni O’zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi harbiy orkestrlar xizmati nazorat qiladi. Harbiy orkestr repertuaridan harbiy musiqa namunalari, ayni paytda, Harbiy orkestr uchun maxsus yaratilgan turli janrdagi asarlar (uvertyura, simfoniya va boshqalar) o’rin olgan. Harbiy orkestr uchun F. Sh. Gossek, E.Megyul, L. Kerubini, T.Berlioz, R.Vagner, N.Rimskiy-Korsakov, 20-asrda R.Glier, S.Vasilenko, N.Ivanov-Radkevich, K.Xachaturyan, O’zbekistonda V.Leysek, P.Xoliqov, Hab. Rahimov, P. Makarov va boshqa kompozitorlar maxsus asarlar yaratishgan.