Harbiy sudlar

Harbiy sudlar (O’zbekiston Respublikasida) – O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarida ish olib boruvchi va O’zbekistonning sud hokimiyati tizimiga kiruvchi umumiy yurisdiktsiya sudlari. 1992 yil 28 Fevralda qabul qilingan «harbiy tribunallar va harbiy prokuratura organlari to’g’risida»gi Prezident farmoni bilan respublika qurolli Kuchlarida qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash maqsadida O’zbekiston hududida joylashtirilgan harbiy tribunallar O’zbekiston Respublikasi nomidan Odil sudlovni barcha harbiy qismlar, qo’shilmalar, strategik va umumiy yo’nalishdagi birlashmalar, harbiy-o’quv dargohlari, muassasalar va boshqa harbiy tuzilmalarda amalga oshiradigan bo’ldi. Mazkur farmon bilan bir vaqtda sobiq Turkiston harbiy okrugining harbiy tribunali asosida Harbiy sudlarlar tashkil etildi. O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudlari tizimi O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O’zbekiston Respublikasi harbiy sudi, okrug va hududiy Harbiy sudlardan iborat. O’zbekiston Respublikasi Harbiy sudlari; respublika Mudofaa vazirligining, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo’mitaning, Milliy xavfsizlik xizmatining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, ichki ishlar vazirligi qo’shinlarining va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatlari, shuningdek, o’quv yig’inlarida bo’lgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to’g’risidagi ishlarni ko’radi. Shuningdek, harbiy qismlar, qo’shilmalar va birlashmalar, harbiy boshqaruv organlarining qo’mondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning da’volari bo’yicha fuqarolik ishlarini va harbiy boshqaruv organlari hamda harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlarni; alohida holatlarga ko’ra umumiy yurisdiktsiya sudlari faoliyat ko’rsatmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini; davlat sirlariga taalluqli ishlarni; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ishlarni ko’radi. Harbiy sudlarning faoliyati ustidan O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi nazorat qiladi, Oliy sud raisi Harbiy sudlar ishlarining tashkil etilishiga oid buyruq va farmoyishlar chiqaradi. Harbiy sudlarning moddiy-texnik ta’minoti, ularni moliyalashtirish, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash masalalari O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasidadir. Zumrad Inog’omjonova.