Harbiy ta’lim

Harbiy ta’lim — qurolli kuchlar va qo’shin turlari uchun kadrlar tayyorlash. Harbiy ta’limning paydo bo’lishi va taraqqiyoti harbiy fan va harbiy san’at taraqqiyoti bilan uzviy bog’liq. Mustaqil ta’lim sifatida Yevropa mamlakatlarida 17-asr oxiri — 18-asr boshida vujudga kelgan; bir qator mamlakatlarda maxsus harbiy o’quv yurtlari tuzilgan. O’zbekiston Respublikasida Harbiy ta’lim qurolli kuchlar qo’shin turlari uchun kadrlar tayyorlash, aholiga boshlang’ich ta’lim berish tizimi. Harbiy ta’lim 3 bosqich (boshlang’ich, oliy va akademik oliy ta’lim)da amalga oshiriladi. Boshlang’ich Harbiy ta’lim umumta’lim maktablarida, o’rta maxsus va o’rta kasb-hunar ta’limi muassasalarida, harbiy litseylarda, O’zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko’maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o’quv muassasalarida amalga oshiriladi. Oliy Harbiy ta’lim Mudofaa vazirligi tizimidagi Toshkent oliy umumqo’shin qo’mondonlik bilim yurti, Samarqand oliy harbiy avtomobil bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo’mondon-muhandislik bilim yurti, Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti hamda Toshkent axborot texnologiyalar universitetining maxsus fakultetida amalga oshirilsa, ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti hamda yong’indan saqlash oliy texnik maktabining, yong’in xavfsizligi oliy texnik maktabida, Oliy akademik ta’lim O’zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari Akademiyasi hamda ichki ishlar vazirligining ichki ishlar akademiyasida amalga oshiriladi. O’quv dasturini to’liq o’zlashtirgan va Davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan kursantlarga «Leytenant» ofitserlik unvoni hamda sohasiga muvofiq oliy ma’lumotini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplom va ko’krak nishoni topshiriladi.