Harbiy qasamyod

Harbiy qasamyod – qurolli kuchlar safiga kirayotgan har bir fuqaroning Konstitutsiya va qonun talablariga binoan Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchni bajarishga beradigan tantanali va’dasi (qasami). Aksariyat davlatlar qurolli Kuchlarida qadimdan mavjud. Xususan, Harbiy qasamyod qabul qilish o’tmishda Mahmud G’aznaviy, Amir Temur armiyalarida ham bo’lgan. Harbiy qasamyod mazmuni xalqning urf-odatlari, an’analari bilan bog’liq. Harbiy qasamyod davlat nuqtai nazaridan Vatanni munosib himoya qilish bo’yicha harbiy xizmatchiga qo’yiladigan asosiy talablarni mujassam etadigan huquqiy hujjatdir. Harbiy qasamyod qurolli kuchlarda harbiy intizomni mustahkamlash, uyushqoqlik va harbiy xizmatchilarda vatanparvarlik hissiyotlarini uyg’otishda katta rol o’ynaydi. Huquqiy nuqtai nazardan Harbiy qasamyod harbiy xizmatchi asosiy majburiyatlarining qisqacha, lo’nda ifodasi. Bu — mustaqil Vatanimiz, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo’yicha haqiqiy jangovar harakatlar jarayonida yoki tinchlik davrida turli sharoitlardagi jangovar o’quvlarda askar ruhiyati, vatanparvarlik hissiyoti, Vatan oldidagi burchlarining o’ziga xos jamlangan ifodasidir. Ijtimoiy-siyosiy nuqtai nazardan u jangchilarni Vatanga fidokorona xizmat qilishga, harbiy burchga sadoqatli bo’lishga o’rgatadi va o’zida xalqimizning eng oliy fazilatlarini, yuksak vatanparvarlik tuyg’ularini, buyuk ajdodlar an’analari hamda vasiyatlariga sodiklikni mujassam etadi. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy qasamyod matni respublika Oliy Kengashining 1992 yil 3 iyuldagi 12-chaqiriq 10-sessiyasida qabul qilingan. Harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlar harbiy nizomlar talablari, qurol-yarog’lar bilan muomala qilish tartiblari, Harbiy qasamyod, harbiy qism bayrog’i va harbiy intizomning ahamiyatini o’quv dasturlari orqali o’rgangach, tantanali vaziyatda Harbiy qasamyod qabul qiladilar. O’zbekiston Respublikasining 1-marta harbiy xizmatga qabul qilingan yoxud harbiy xizmatni o’tamagan va 1-marta yig’inlarga chaqirilgan fuqarosi harbiy qismning jangovar bayrog’i oldida harbiy qasamyodni qabul qiladi. Bunda qasamyod qabul qiluvchi safdan chiqib matnni ovoz chiqarib o’qiydi va maxsus ro’yxatdagi familiyasi qarshisidagi bandga imzo chekadi va o’z o’rniga borib turadi. Qism komandiri shaxsiy tartibni Harbiy qasamyod qabul qilinishi bilan tabriklagach, orkestr O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ijro etadi va harbiy qism tantanali marsh bilan yurib o’tadi. Harbiy xizmatchilarning harbiy guvohnomasi va hisob-kitob varaqasida harbiy qism shtabining boshlig’i tomonidan Harbiy qasamyod (kun, oy, yil) qabul qilgani qayd etib qo’yiladi.