Hasan ibn Sohib ash-Shoshiy

Hasan ibn Sohib ash-Shoshiy (Abu Hasan ibn Sohib ibn Hamid al-Hofiz al-Shoshiy) (? — 986) — muhaddis, Hofiz. Shoshda tug’ilib o’sgan. Ilm talabida Xuroson, Iroq, Shom, Haramayn (Makka va Madina), Yaman, Misrdagi allomalardan hadislar eshitgan. «Tarixi Bag’dod» asarida Hasan ibn Sohib Xuroson shaharlari, Iroq, Hijoz, Shom haqida ma’lumotlar yozganligi qayd etilgan. 983 yil Bag’dodga kelib Ali ibn Xashram, Ishoq ibn Mansur, Abu Zur’a arRoziy, Amir ibn Abdulloh al-Udiy, Muhammad ibn Avf al-ximsiy, Abdo ibn Sulaymon al-Basriy, Iso ibn G’iylon, Xubayra ibn al-Hasan az-Zohid, Muhammad ibn Abdulaziz addaynuriy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. O’z navbatida Hasan ibn Sohibdan Abu Bakr Muhammad ibn al-Ju’abiy, Muhammad ibn Ismoil al-Varroq, Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiy, Abu Ali al-Hofiz, Muhammad ibn al- Muzaffar va boshqa hadis rivoyat qilishgan. «Tarixi Bag’dod» («Bag’dod tarixi»), «Tabaqot al-huffoz» («hofizlar tabaqalari»), «Tazkirat al-huffoz» («Hofizlar taz-kirasi»), «al-Ansob» («Nasabnoma»), «Siyar a’lom an-Nubald» («olijanob allomalar siyratlari»), «al-irshod» («To’g’ri yo’l») kabi Arab manbalarida Hasan ibn Sohib «Hofiz» deya hurmat bilan tilga olinib, ishonchli muhaddis sifatida e’tirof etilgan.