Hasharotxo’r o’simliklar

Hasharotxo’r o’simliklar -odatdagi oziqlanishdan tashqari yana ayrim hasharotlar (ba’zan mayda jonivorlar)ni tutib yeb qo’shimcha oziq manbai sifatida foydalanadigan ko’p yillik o’tsimon o’simliklar guruhi. Yer sharining barcha qismida uchraydi. 500 ga yaqin turi (7 oilasi) ma’lum. Chuchuk suv havzalarida, botqoq o’tloqlarda, botqoqliklarda, asosan, azotli birikmalar, kaliy, fosfor kamchil tuproqlarda o’sadi. Shu sababli hasharotlar bilan oziqlanadi. Hasharotxo’r o’simliklarda hasharotlarni tutish uchun maxsus moslamalar bor. Ba’zi bir Hasharotxo’r o’simliklarning barglari yopishqoq suyuqlik ajratuvchi ko’p sonli bezchalar bilan qoplangan. Boshqalariniki hasharotlarni tutuvchi quticha (nepentes, darlingtoniya) yoki tez harakatlanuvchi (tutuvchi) qopqonlardan (Dioneya, aldrovandan) iborat. Ushlangan hasharotlar barg bezchalari ajratgan maxsus suyuqlikda erib, hazm bo’ladi.