Haydalma qatlam osti gorizonti

Haydalma qatlam osti gorizonti, tuproqning haydalma qatlam osti gorizonti — ko’p yillar davomida yerga ishlov berish va sug’orish natijasida tuproqning haydalma qatlami ostida hosil bo’ladigan zich qavat. U, asosan, qumoq va soz mexanik sug’oriladigan (ba’zan lalmikor yerlarda) tuproqlarni ko’p muddat (kamida 15-20 yil) mobaynida bir xil chuqurlikda haydash oqibatida shakllanadi; uning zichligi va qalinligi yerni o’zlashtirish hamda sug’orish muddatlari (davri)ga bog’liq holda orta boradi. Bu qavat, odatda, o’ta zichlashganligi, yirik palaxsa kesakli tuzilishi, juda mayda kolloid loyqali zarrachalar miqdorining ko’pligi va suvga chidamli agregatlarning deyarli yo’qligi bilan tavsiflanadi. Ba’zan uni tuproq «plugtovoni», «plug osti zich qatlami» deb noto’g’ri atashadi. Haydalma qatlam osti gorizonti «plugtovon» (12-15 santimetr)ga qaraganda ancha qalin (18-25 santimetr) bo’ladi. Tuproq «plugtovoni» Haydalma qatlam osti gorizontining eng ustki qismi bo’lib, yuqori hajm massasi (1,45—1,65 g/sm3) va kam umumiy g’ovaklikka (40-45%) ega. Ayniqsa cho’l zonasidagi mexanik tarkibi og’ir va sho’rtob sug’oriladigan tuproqlarning zichligi yuqori, bu qatlam suvning shimilishi va sizib o’tishini keskin kamaytiradi, ekinlar ildizining o’sishi va rivojlanishiga, shuningdek sho’rning yuvilishiga salbiy ta’sir etadi. Haydalma qatlam osti gorizontining salbiy ta’sirini bartaraf etish uchun har 4-5 yilda bir marta shudgorlashda yerni chuqurroq haydab, shu qatlamni ham yumshatib turish yoki haydalma qatlam qalinligini asta-sekin oshirib borish zarur.