Haydamaklar, gaidamaklar

Haydamaklar, gaidamaklar (turkiycha — haydalmoq) — o’ng sohil Ukrainada 18-asrdagi xalq-ozodlik harakati qatnashchilari. Tarixiy manbalarda 1717 yildan Haydamaklar haqida ma’lumotlar uchraydi. Haydamaklar polyak va ukrain shlyaxtichlari (zodagonlari) mulklarini talon-taroj etishgan. Haydamaklar otryadlari ukrain dehqonlari, Zaporoje kazaklarining eng kambag’al qatlami, yollanma batraklar, hunarmandlardan tarkib topgan. Chor Rossiyasi Haydamaklar harakatini bostirishda faol qatnashgan, 1734, 1750 va 1768 yillarda bu harakat yirik xalq qo’zg’oloniga aylangan. Haydamaklar harakatining eng yuqori nuqtasi 1768 yildagi qo’zg’olon bo’lgan. O’ng sohil Ukraina Rossiya tarkibiga kirgach (1793), o’lkadagi kurash boshqacha tus olgan. 1918-20 yillardagi fuqarolar urushi davrida qizil armiya bilan kurashgan ukrain qo’zg’olonchilari ham o’zlarini Haydamaklar deb atashgan.