Haydalma yer, ekin yer

Haydalma yer, ekin yer — Muntazam haydaladigan va foydalaniladigan, odatda turli ekinlar ekiladigan qishloq xo’jalik yerlari. Sug’orma dehqonchilik mintaqasida Haydalma yer doimiy sug’oriladigan, shartli sug’oriladigan va lalmikor yerlarga bo’linadi. Doimiy sug’oriladigan Haydalma yerda ekinning suvga talabi vegetatsiya mobaynida to’la ta’minlanadi. Shartli sug’oriladigan Haydalma yerda o’simliklarning suvga bo’lgan talabi qisman (70% gacha) qondiriladi. Lalmikor yerlar yog’inlardangina ta’minlanadi. O’zbekistonda suv ta’minotining yaxshilanishi va yerlarni o’zlashtirish hisobiga sug’oriladigan Haydalma yerlar maydoni ortib, shartli sug’oriladigan hamda lalmikor yerlar maydoni kamayib bormoqda. Sug’oriladigan Haydalma yer partov, foydalanilmaydigan va boshqa yerlarni o’zlashtirish hisobiga ham ko’paydi. Turli maqsadlar, ayniqsa, qishloq xo’jaligiga bog’liq bo’lmagan ehtiyojlar uchun qishloq xo’jaligi yerlaridan yer ajratish O’zbekiston Respublikasining Yer Kodeksi (1998, 30 aprel) bilan tartibga solinadi. O’zbekiston Respublikasida jami qishloq xo’jalik yerlari 26753,6 ming gektar, shundan Haydalma yer maydoni 4056,6 ming gektarni tashkil etadi (2005). 2004 yilda barcha toifadagi xo’jaliklarda qishloq xo’jalik ekinlari 33691,5 ming gektar maydonga ekildi.