Haydar Sabuhiy

Haydar Sabuhiy (15-asr – Hirot -1498) — shoir. Alisher Navoiyning jiyani, tog’asi Mir Said Kobuliyning o’g’li. Toju taxt uchun kurashda Husayn Boyqaro tomonida turib urushgani sababli Abusaid Mirzo otasini tutib qatl etgach, uning tarbiyasi bilan Navoiy shug’ullangan. «Sabuhiy» (tasavvufiy ma’noda poklik, haqiqat nuri) taxallusi bilan she’rlar yozgan. Navoiy ko’pincha uni yonida olib yurgan. Astrobodda ham u Navoiyning xos mulozimlaridan bo’lgan. Navoiy uni ba’zi rasmiy topshiriqlar bilan Hirotga yuborganida, bir davrada Navoiyga suiqasd qilingani, oshpaz unga zahar qo’shilgan taom bermoqchi bo’lgani, bundan xabar topgan shoir g’azabga minib, Husayn Bayqaroga qarshi isyon ko’tarmoqchi ekanligini aytadi. Bu gap Hirotda ovoza bo’lib ketadi. Husayn Boyqaro darhol Navoiyga maktub yo’llab, bu ishdan mutlaqo xabari yo’qligini ma’lum qiladi. Shu voqeadan keyin Husayn Boyqaro Navoiyning Hirotga qaytishiga ruxsat beradi. Navoiy o’z javobida bu gapni rad etadi va jiyanining xatosini kechirishini iltimos qiladi. Husayn Boyqaro garchi kechirganligini aytib, do’stini xotirjam qilsa-da, o’z xonadoni sha’niga qilingan bu tuhmatni unutmaydi. Haydar Sabuhiy barcha xizmatlardan chetlatiladi. U Badaxshonga kelib, bir necha yil o’sha yerda xizmat qiladi. 1498 yilda Badaxshondan Hirotga elchi bo’lib kelganida, Husayn Boyqaro uni tutib, qatl ettiradi. Haydar Sabuhiy she’rlarining taqdiri ma’lum emas. «Majolis un-nafois»da Navoiy uning bir baytini misol tariqasida keltirgan: May ast la’li tu yo shahdi nob: az in du kadom ast? Xay ast bar ruxi tu yo gulob: az in du kadom ast? Mazmuni: La’li labing maymi, yo toza asalmi — bu ikkisidan qaysi biri? Yuzingdagi termu yo gulobmi: bu ikkisidan qaysi biri? Ad.: Alisher Navoiy, Majolis un-nafois [mat, 13-asr], T, 1997; O’zbek adabiyoti tarixi, 2-j., T, 1977.