Haydar Xorazmiy

Haydar Xorazmiy (14-asrning oxiri — Xorazm — 15-asrning 1-yarmi) — shoir. O’zbek mumtoz adabiyoti namoyandalaridan biri. Hayoti va ijodi haqida ma’lumot Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro», Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois», «Muhokamat ul-lug’atayn» asarlari hamda o’zining «Mahzan ul-Asror» dostonida berilgan. Haydar Xorazmiy asosan Xorazmda yashagan va og’ir hayot kechirgan. Birmuncha vaqt Hirotda temuriylardan Umarshayxning o’g’li Sulton Iskandar (15-asr) saroyida yashagan. Turkiy va forsiyda she’rlar yozgan, devon tuzgan. Nizomiy Ganjaviyning «Mahzan ul-Asror» asariga «Gulshan ul-Asror» nomi bilan turkiy tilda javob yozib (1409-14), Sulton Iskandarga bag’ishlagan. Asar syujeti va g’oyaviy yo’nalishi jihatidan ham Nizomiy dostoniga yaqin, vazni ham bir xil — aruzning sare’bahrida yozilgan. Hajmi 639 bayt. Asar Nizomiynikidan farq qilib, avval hikoya, so’ng shu hikoyadan kelib chiqadigan xulosa va fikrlarni umumlashtiruvchi bob bilan ta’minlangan. Haydar Xorazmiy bu asari bilan o’zbek adabiyotida she’riy hikoyani rivojlantirgan. Ko’pchilik hikoyalarida olijanob insoniy fazilatlar targ’ib qilingan, mehnat va mehnat ahli ulug’langan. Dostonda markazlashgan davlat va Odil hukmdor g’oyasi ilgari surilgan; axloq-odob, mehnatsevarlik, saxiylik, rostgo’ylik targ’ib etilgan. «Gulshan ul-Asror» o’zbek epik she’riyati tarixida muhim hodisa va turkiy tildagi axloqiy-falsafiy dostonchilikning yirik namunasi bo’lib, turkiy tilning boyligi, qudrati va ko’rkini namoyish qildi hamda o’zbek- ozarbayjon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa bo’lib qo’shildi. Asarning qo’lyozma nusxalari London, Parij, Vena, Qozon kutubxonalarida, fotonusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqtanadi. Ad.: Bertels E.S., Nizami i Fizu-li, M, 1962; O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1-j., T., 1977.