Haydarkon simob koni

Haydarkon simob koni -Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatidagi kon. Olay tog’larining shimoliy yon bag’ridagi Farg’ona simob-surma mintaqasining Sharqiy qismida. Farg’ona viloyati So’x shahridan 19 kilometr shimoliy- Sharqda. Kon 1926 yilda topilgan. Geologik jihatdan Ishmetov tog’ining markazida shakllangan antiklinal strukturaning gumbaz qismida joylashgan. Uning yadrosidagi ohaktoshlar avtoxton va alloxton qumtosh-slanesli qatlamlar bilan qoplangan. Rudalarning asosiy qismi ohaktoshlar va ularni qoplovchi slaneslarning chegara qismlarida rivojlangan metasoma-toz mahsuli bo’lgan kvars-karbonat tarkibli jasperoidlarda mujassamlashgan. Kondagi rudalar majmuali tarkibga ega bo’lib, asosan, simob-surma-flyuoritlardan iborat. Asosiy sanoat minerallari — kinovar, ba’zan antimonit, flyuorit, xalkopirit, markazit. Surma, simob, qo’rg’oshin sulfatuzlari uchraydi. Ulardan tashqari realgar va auripigment ham bor. Noruda minerallardan kvars, kaltsit, ankerit va boshqalar mavjud. Konning Janub qismida (Janub struktura) 1500-4000 m2 li muvofiq yotgan maydonlarda qalinligi 2-11 metrli kinovarli qatlamsimon ruda tanalari tarqalgan. Konning shimol qismida (shimoliy struktura) tik yotgan, kesishgan va qatlamsimon muvofiq yotuvchi ruda tanalari rivojlangan, rudalar mavjud. Ruda to’plamlari qatlamsimon, linza va uyasimon, qo’ziqorin-ustunsimon shakllarda. Linza, uyalarning uzunligi 30 metr, qalinligi 2-11 metr, yotish bo’yicha uzunligi 10-100 metr. Konda 24 ta mustaqil maydon razvedka qilingan va foydalanishga tayyorlangan. Simobning umumiy zaxiralari va bashoratli resurslari metallning 0,165%li tarkibi bilan 20,9 ming tonnani tashkil qiladi. Surmaning yig’indi zaxiralari va bashoratli resurslari 11,3 ming tonnaga baholanadi, unda surmaning o’rtacha tarkibi 1,728%, flyuorit 13,26%li tarkibi bilan 1143 ming tonna. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.