Hazorasp tumani

Hazorasp tumani – Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Janubdan Turkmaniston, Janubi-sharqdan Buxoro viloyati, shimoldan Qoraqalpog’iston Respublikasi, g’arbdan Bog’ot tumani bilan chegaradosh. Maydoni 2,06 ming km2. Aholisi 188,5 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Pitnak), 1 shaharcha (Hazorasp), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (beshta, Bo’ston, Karvak, ovshar, Pichoqchi, sanoat, yuqori muhamon, Pitnak, Sarimoy, Tuproqqal’a, Yangibozor). Markazi — Hazorasp shaharchasi. Tabiati. Hazorasp tumani Xorazm vohasining Janubi-sharqi va Qizilqum cho’lida joylashgan. Yer yuzasi pasttekislik, sharqdan g’arbga bir oz qiya. O’rtacha balandligi 150-200 metr. Tuman g’arbiy qismining shimol chekkasi va Sharqiy qismining janubi Amudaryo terrasalaridan iborat. Janub chegarasi Qoraqum cho’liga tutash. Bu yerlarda cho’l relefiga xos qum tepalari, qoldiq ko’llar (Hajjaliko’l, Sho’rko’l, kepak, Uzunko’l, Qurvanak va boshqalar) bor. Pitnak atrofida qirlar joylashgan. Tumanning Sharqiy qismini Qizilqum cho’li egallagan. Iqlimi keskin kontinental, yanvarning o’rtacha temperaturasi — 4,1°, eng past temperatura -32°. iyulniki 27°, eng yuqori temperatura 44°. Yillik yog’in 100-110 mm. Vegetatsiya davri taxminan 200—210 kun. Tumanning shimol va Janubdan Amudaryo oqib o’tadi. Tuman ekinzorlari Amudaryodan suv oladigan Toshsoqa, Hazorasp kanallari va bu kanallardan chiqarilgan Pitnakarna, Yangiyop, Hassayop, Kartibichar, Ovsharyop, Muhamonyop va boshqa ariqlardan sug’oriladi. Tuproqlari allyuvial o’tloqi, botqoq va sho’rxoklardan iborat. Sizot suvlari 1-3 metr chuqurlikda, qish va bahorda yer yuzasiga ko’tariladi va natijada tuproq yuza qatlamida tuz to’planadi. Qish va bahorda tuproq yuvilib oqava suvlar tumanning janlan o’tgan Kattako’l kollektoriga borib tushadi. Tuman Janubda Amudaryoda O’zbekistonda eng yirik Tuyamo’yin suv ombori qurilgan. Yovvoyi o’simliklardan saksovul, ro’vak, turang’il, tol, terak, jiyda, bug’doyiq, ajriq, shuvoq, semizo’t, sho’ra, oqbosh, yulg’un, yantoq, qamish, qo’g’a, yakan va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, quyon, tulki, bo’rsiq, nutriya, yumronqoziq, ondatra, kaltakesaklar, ilonlar; qushlardan tustovuq, birqozon, o’rdak, g’oz va boshqalar uchraydi. Tumanning eng Janubda, Amudaryo bo’yida Qizilqum davlat qo’riqxonasi tashkil etilgan. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tatar, qozoq, koreys, rus, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. O’rgacha aholi zichligi 1 km2 ga 91,5 kishi. Shahar aholisi 32,9 ming kishi, qishloq aholisi 155,6 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman iqtisodiyotida qishloq xo’jaligi yetakchi o’rinda. Paxtachilik, g’allachilik (shu jumladan, sholichilik) rivojlangan. Chorvachilik, pillachilik, bog’dorchilik, polizchilik ham muhim o’rin tutadi. Hazorasp tumanida dehqon, fermer xo’jaliklari faoliyat ko’rsatadi. Tumanda jami ekin maydoni 26,3 ming gektarga yaqin, shundan, 11,3 ming gektar yerga paxta, 11,7 ming gektar yerga don, 71 gektar yerga kartoshka, 752 gektar yerga sabzavot, shuningdek, ozuqa ekinlari ham ekiladi (2004). Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 51,2 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 23,8 mingdan ziyod sigir), 39,5 mingga yaqin qo’y va echki, 100,8 ming parranda boqiladi. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, ta’mirlash ustaxonalari, mahalliy sanoat korxonalari, to’qimachilik, palos fabrikalari va boshqalar bor. Butun Xorazm vohasi va undan tashqarida Hazorasp shaharchasidagi «Qozoqbozor» mashhurdir. Tumandagi faoliyat ko’rsatayotgan jami 1200 dan ziyol korxona va tashkilotdan 105 tasi yirik, 14 tasi o’rta, 76 tasi kichik korxona, 1034 tasi mikrofirmadir. Qo’shma korxonalardan O’zbekiston — Germaniya «Unixo», O’zbekiston — Turkiya «xorazmshakar» korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Tuman hududida Amudaryo ustiga xalqaro ahamiyatdagi ko’prik qurilgan. Ko’prikdan sutkasiga 14 poezd, 1000 ta avtomobil o’tishi mo’ljallangan. 49 umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, Hazorasp tibbiyot, qishloq xo’jaligi, iqtisodiyot, pedagogika kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi va uning 47 ta tarmog’i, 35 klub muassasasi, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i, 2 stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari faoliyat ko’rsatadi. 660 o’rinli 4 kasalxona (shu jumladan, tuman Markaziy kasalxonasi), poliklinika, dorixonalar, 1 uchastka kasalxonasi, 5 qishloq ambulatoriyasi, 12 qishloq vrachlik, 16 feldsher-akusherlik punktlari, 14 tish davolash poliklinika punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 421 vrach (har 10 ming kishiga 22.6 vrach), shuningdek, 1850 o’rta tibbiy xodim aholiga xizmat ko’rsatadi. Hazorasp tumani hududidan Urganch — Toshkent temir yo’l va avtomagistrali o’tadi. Tuman markazidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Denov va boshqa shaharlarga, Urganch shahri va Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlariga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasining To’rtko’l, Beruniy shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Tarixiy va me’moriy yodgorliklardan Hazorasp qal’asi (miloddan avvalgi 7-6 – asrlar), Xumbuztepa, «sartarosh», Ucho’choq, Doshqal’a, Juma masjidi (18- asr), Shayx Husayin bobo maqbarasi (19- asr) va boshqalar saqlangan. 1935 yil 21 maydan «Hazoraspnoma» gazetasi chop etiladi. Komil Nurjonov.