Hindiston yarim oroli
Hindiston yarim oroli Janubiy Osiyodagi yarim orol, asosan, Hindistonda. Maydoni qariyb 2 million km2. G’arbda Arabiston dengizi, Sharqda Hind okeanining Bengaliya qo’ltig’i bilan chegaradosh. Shimoliy chegarasi shartli ravishda Hind daryosi deltasi bilan Gang daryosi deltasi oralig’idan o’tkazilgan. Qirg’oqlari past, kam parchalangan. Sohil qismi kambar allyuvial tekislik. Katta maydonni dekan yassitog’ligi egallaydi. Uning g’arbiy balandroq qismi — G’arbiy gat tog’lari Arabiston dengiziga tik tushgan. Sharqida Sharqiy gat tog’larini tashkil etgan alohida massivlar uchraydi. Yarim orolning eng baland qismi uning Janubdagi Anaymudi tog’i, 2698 metr. Toshko’mir, temir va marganes rudalari konlari bor. Iqlimi tropik, subekvatorial iqlimga o’tib boradi. Shimolda tropik mussonli, yozi sernam iqlim. O’rtacha temperaturalar yanvarda 21-29°, mayda 30-40°. Yillik yog’in ichki rayonlarida 500 — 700 mm, shamolga ro’para tog’yon bag’irlarida 3000 mm gacha. Asosiy daryolari — Narmada, Tapti, Mahanadi, Godavari, Krishna va boshqalar, yomg’irdan to’yinadi, yoz— kuz oylarida to’lib oqadi, tez-tez toshadi. Suvidan, asosan, sug’orishda foydalaniladi. G’arbiy va Sharqiy gat tog’larining dengizga qaragan yon bag’irlarida doim yashil sernam va mussonli barg to’kuvchi o’rmonlar, ichki hududlarda savanna tipidagi o’simliklar o’sadi, daryolar deltasida mangra o’rmonlari bor. Milliy bog’lar tashkil etilgan. Katta maydonlarni madaniy Landshaftlar — ekin maydonlari (sholi, bug’doy, paxtazorlar) va mevali bog’lar egallagan.