Hofiz, Xoja Hofiz Sheroziy

Hofiz, Xoja Hofiz Sheroziy (taxalluslari; asl ism-sharifi Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad) (1326 – Sheroz – 1389) — fors shoiri. Otasi bevaqt olamdan o’tgach, Hofiz tirikchilik uchun Novvoylik bilan shug’ullangan. Zehni o’tkir bo’lganligidan tez orada fiqh, hadis, arab tili va adabiyoti, Qur’oni Karim va uning tafsirini mukammal o’zlashtirgan. U, xususan, Qur’on qiroatida yuksak mahoratga erishib, uni 14 usulda tilovat qilgan. Ma’raka-yig’inlarda Qur’onni, qissaxonlik kechalarida xalq kitoblarini yoqimli ovozda o’qib berib, ro’zg’or tebratgan. Shuning uchun ham uni Hofiz deb ulug’lashgan va bu nom keyinchalik shoirning adabiy taxallusiga aylanib ketgan. Yaxshi xattot ham bo’lgan. Turli kitoblarni ko’chirgan, Qur’onni kitobat qilgan [Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»sidan Hofiz ko’chirgan 2-4-dostonning qo’lyozma nusxalari (1355) hozirgi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №2179) saqlanadi]. Hofiz vaqt-vaqti bilan shohlar saroyida xizmat qilgan. Shoh Shujo’ Muzaffariyning (1358-84) taxtga chiqishini qutlagan, Shoh Mansurni (1388-92) ulug’lab, unga 6 g’azal, 1 qasida hamda soqiynoma bag’ishlagan, lekin hayoti hamisha yo’qchilikda o’tgan. Ba’zi asarlarida o’zining quvg’inga uchraganini yozgan. Adabiy merosi bitta lirik she’rlar devonidan iborat. «Devon»ni sherozlik adabiyotshunos Muhammad Gulandom (14-asr oxiri — 15-asr boshlari) tuzgan va u 19-asrda Yevropada nashr etilgan boshqa nusxalar uchun asos bo’lgan. Hofiz bir umr Sherozda yashagan. 14-asrning 70-yillari boshida qisqa muddat Isfahon va Yazdda bo’lgan. Shoirning she’rlari Sherozdan tashqarida ham mashhur bo’lganligidan Bangola hukmdori Sulton G’iyosiddin, Dakan podshohi Shoh Mahmud Bahmaniylar Hofizni o’z saroylariga da’vat qilib, sovg’a-salomlar yuborganlar. Sulton Ahmad bilan Uvays Jaloyiriy uni Bag’dodga ham taklif qilishgan, lekin u bu taklifni rad etgan. U asosan mehnatkash va huquqsiz xalq tomonida turib, uning quvonchu tashvishlari, dardu alamlarini otashin misralarda kuylagani uchun yuqori tabaqalarga unchalik yoqmagan. Hofiz komil musulmon bo’lib, ijodi Qur’oni Karim va hadisi sharif chashmasidan suv ichgan. Hofiz mo’g’ullar hukmronligi inqirozga uchrab, mayda xonliklar o’rtasidagi o’zaro toju taxt talashlari avj olgan, bundan xalqning ahvoli xarob bo’lgan bir davrda yashab ijod etgan. Uning davrida sheroz 5 marta ana shunday janglar girdobiga tortilib, o’zi vayron, xalqi qatliom qilingan. Ma’rifatparvar va she’riyat muxlisi bo’lgan Shayx Abuishoq inju (1342-53) Hofizni qo’llab, unga homiylik qilgan. Ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol lazzatiyu hijron hasratini tarannum etish vositasi bo’lgan g’azalga u ijtimoiy mavzular, falsafiy fikr-mulohazalarni omuxta qilgan. O’z davrining siyosiy manzaralarini, ma’naviy qiyofasini haqqoniy gavdalantirgan. U ishq mavzuiga olam va odam dardini, jamiyat muammolarini olib kirgan. Shoir insonning orzu-intilishlari, quvonchu qayg’usi, dardu tashvishlari, muhabbati, fikru o’ylarini avj pardalarda kuylash bilan adabiyotning asosiy ob’yekti inson ekanligini amalda isbotlagan. Hofiz g’azallari, avvalo, jozibali va yoqimli ohangi bilan har qanday o’quvchini o’ziga tortadi: hassos va isyonkor ruhi bilan uning qalbini to’lqinlantiradi; rang-barang timsolu tashbehlari, yuksak badiiyati, keng va chuqur ma’nolari bilan aqlini band etadi. Qavat-qavat ramzu timsollar pardasiga o’ralgan she’rlari bir necha ma’no qirralariga ega bo’lganligi uchun ham har bir toifa uni o’zicha talqin etadi, o’z maqsadiga xizmat qildiradi. Chunonchi, tasavvuf olimlari Hofiz ijodini ilohiy ishq kuychisi sifatida o’rgansalar, G’arb va sho’ro adabiyotshunoslari dunyoviy nuqtai nazardan tahlil etadilar. Aslida shoir ijodida ilohiylik va dunyoviylik ajoyib bir tarzda uyg’unlashib ketgan. U yeru ko’kning yaratuvchisi bo’lmish Allohni ta’rif-tavsif etish, unga bo’lgan hassos muhabbatini kuylash bilan birga, inson haqida ham fikr yuritadi. Hofiz devoni madrasalarda maxsus darsliklar qatorida o’qitilgan. Hofiz she’rlari tabiiyligi, samimiyligi va yuksak badiiyatga yo’g’rilganligi, mazmunan teranligi va serqatlamligi, falsafasining quyuqligi, nozik ishoralarga boyligi, uslubining murakkabligi uchun ham unga «Lison ul-g’ayb» — «g’oyibning tili» sifatini berganlar. Firdavsiy — masnaviyni, Umar Xayyom — ruboiyni qanchalik takomilga yetkazgan bo’lsalar, Hofiz ham g’azalni shunchalik yuksak maqomga ko’targan. O’z ijodida may va u bilan bog’liq timsollardan ko’p foydalangani uchun Hofiz rind va mayparast sifatida ham mashhur. Tasavvuf adabiyotida sufiyona istiloh-timsollarni eng ko’p qo’llagan va ularga eng ko’p ma’no yuklagan ham Hofiz hisoblanadi. Hofiz o’zbek adabiyotiga ham kuchli ta’sir o’tkazgan. Sayfi Saroyi, Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Amiriy, Munis, Ogahiy kabi barcha davr shoirlari Hofizni o’zlariga ustoz bilganlar, undan ta’sirlanib, she’rlar bitganlar. Navoiy «Devoni foniy»da Hofiz g’azallari tatabbu’ida 220 dan ortiq g’azal yozgan. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida e’tiboran Hofiz G’arb dunyosini ham o’ziga qaratdi. 1812 yilda Yozef fon Hammer shoir devonini to’laligicha tarjima qilib, nemis tilida nashr ettirgan. Shundan so’ng Germaniyada Hofizga ergashib yozilgan she’rlar ko’paygan, hatto nemis adabiyotida sharqona shakldagi she’rlar, g’azallar paydo bo’lgan. I. Gyote «G’arbu Sharqdevoni»ni yaratgan. Hofizni «noyob uslub dahosi», «muqaddas Hofiz», «Sharqning Volteri» deb ulug’lashgan. Umuman, G’arbda Hofizni Geyne, Gyote, Shelli, Volter, Bayron kabi ulug’yozuvchilar qatorida tilga olishgan. Rus adabiyotida ham Hofiz katta Shuhrat qozongan. A.Fet, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, V.Jukovskiy, S.Esenin, P.Gnedich, V.Bryusov kabi rus shoirlari Hofiz ta’sirida she’rlar yozganlar, uning ijodini yuksak baholaganlar. O’zbekistonda Sh.Shomuhamedov, A.Hayitmetov, N.Komilov, H.Homidiy va boshqalar. Hofiz haqida tadqiqot olib borganlar. Shoir she’rlari A.Avloniy, Xurshid, Chustiy, Muinzoda, Vasfiy, Sh.Shomuhamedov, J.Jabborov, E.Vohidov, J.Quvnoq, M.Kenjabek tomonidan tarjima qilingan. Hofiz o’zi sevgan Musallo bog’ida dafn etilgan va uning sharofati bilan keyinchalik bu bog’ «Hofiziya» nomini olib, jahon ilmu adab ahlining ziyoratgohiga aylangan. Temuriylardan Abulqosim Bobur shoir qabrini obod qildirgan. So’ng Eron hukmdorlaridan Karimxon Zand hozirgi sag’anani qurdirgan (18.11). As: G’azallar, T., 1958; Kulliyot, Dushanba, 1983; Hofiz Sheroziy she’riyatidan, T., 1985; Ishqdaftari, T., 2000. Ad.: Shomuhamedov Sh., Hofiz Sheroziy, T, 1965; Navoiy va alabiy ta’sir masalalari, T., 1968; Braginskiy I.S., Iz istorii persidsko-tadjikskoy literatur M, M., 1972;Salomov G’.,Komilov N., Do’stlik ko’priklari, T., 1979. Ergash Ochilov.