Hotamova Yorqinoy

Hotamova Yorqinoy (1941.23.2, Farg’ona shahri) — aktrisa, xonanda (lirik soprano). O’zbekiston xalq artisti (1991). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1970). 1958-60 yillar Farg’ona teatrida, 1960-70 yillar O’sh teatrida, 1971 yildan yana Farg’ona teatrida aktrisa. Farg’ona universitetining dotsenti (2001 yildan). Zulxumor («Ravshan va Zulxumor») uning sahnada yaratgan birinchi obrazidir. Keyinchalik Zuhra («Tohir va Zuhra»), kumush («o’tgan kunlar»), Dezdemona («Otello»), Ra’no («Mehrobdan chayon»), Aliman («Momo yer»), Oyxon («Maysaraning ishi»), kimyo («Nurxon»), Oyparcha («Nodira»), barchinoy («Alpomish»), Qumri («temir xotin»), Momo («Chimildiq»), Dilorom («Dilorom»), xol-poshsha («qo’sh kaptar»), Zumrad («tanbur nolasi») kabi rollarni ijro etdi. Hotamova ijodi ko’proq dramatik obrazlar yaratishga moyilligi, qahramonlari xarakterining ijtimoiy va psixologik asoslarini chuqur ochib berishi, ularni ruhiy go’zallik va hayotbaxsh ruh ila ta’minlashi bilan ajralib turadi. Hotamova filmlarda ham suratga tushgan (Ulg’ay ona «bog'» teleseriali, Mehriniso momo «Uvaysiy» teleseriali va boshqalar). Hotamova ijrosidagi «yozgan xating qo’limda», «Farg’onadan qarayman», «Sen ketding, firoq qoldi», «tong shamoli», «so’zlasa», «Zamonam mening», «Samarqand ushshog’i» va boshqa qo’shiqlari mashhur.