Hotami toy

Hotami toy (to’liq nomi Abu Safona Hotam ibni Abdulloh ibni Sa’di Toyi) (taxminan 6-asr oxiri — Yaman — 7-asr boshi) — saxiyligi va olijanobligi bilan Sharq mamlakatlarida dong taratgan shaxs. Yamandagi toy qabilasining boshlig’i, mashhur lashkarboshi va shoir bo’lgan. Adlu insofi, saxiyligi va yaxshiligi bilan dastlab atrofdagi qabilalar, keyin butun Arabiston va Sharq xalqlari orasida Hotami toy — Toy (qabila-si)dan bo’lgan Hotam nomi bilan shuhrat qozongan. Uning saxovat va himmatiga qoyil qolgan Muhammad payg’ambar (sav) ham toy sharofatidan uning avlodini e’zozda tutishni buyurgan. Sharq xalqlari og’zaki ijodi va yozma adabiyotida Hotami toy haqida ko’plab afsona va rivoyatlar, qissa va dostonlar, hatto «Hotamnoma» kitobi yaratilgan. «Hotamnoma» dastlab Arab tilida yaratilib, keyin forscha nusxasi O’rta Osiyo xalqlari o’rtasida keng tarqalgan. O’rta asrlardayoq kitob holida tarqalgan bu asar 18-19-asrlarda hind, urdu, o’zbek, turkman, ingliz va qisman rus tillariga tarjima qilingan. 19-asrda Oqsuvda Muhammad-Hasan olim forschadan turkiyga tarjima qilgan va u 1900 yilda Toshkentda «Hotamnomai turkiy» nomi bilan chop etilgan. Mazkur qo’lyozma va toshbosma asosida professor A.Matg’oziyev 1988 yilda uni hozirgi yozuvda nashr ettirgan. Hotami toy shoir sifatida ham mashhur. Saqlanib qolgan she’rlari Arab adibi va xattot Rizqulloh Hassun tomonidan 1872 yilda Londonda chop qilingan. Sharq xalqlari tillarida Hotam, Hotamtoy nomlari «saxiy», «qo’li ochiq» ma’nolarini ifodalaydigan sifatga aylanib ketgan. I.V.Gyote «g’arbu Sharq devoni»da o’zini Hotam, ma’shuqasini Zulayhoga nisbat berib, qator she’rlar yaratgan. Ad.: Hotamnoma, T., 1988.