Hozirgi olimpiadalar qadimdagi olimpiya o’yinlariga o’xshashmi?
Garchi zamonaviy Olimpiya o’yinlari qadimgi Yunonistonda o’tkazilgan o’yinlar namunasi bo’yicha o’tkazilsa-da, bir talay jiddiy farqlanishlar ham mavjuddir. Xuddi antik zamonlardagi singari o’yinlar har to’rt yilda o’tkaziladi. O’yinlar bo’lib o’tishi uchun o’sha bizdan olis-olis kunlarda urushlarga barham berilardi, ammo birinchi va ikkinchi jahon urushlari sababli 1916, 1940 va 1944 yillarda olimpiadalar o’tkazilmadi. Qadimgi Olimpiya o’yinlari faqatgina Yunonistonda, Olimpiya tog’larida o’tkazilardi. Har bir zamonaviy Olimpiada dunyoning turli yirik shaharlarida bo’lib o’tadi. Ilgari o’yinlar faqat Yunoniston fuqarolari va O’rtayer dengizi havzasi mamlakatlaridan kelgan atletlar uchun ochiq bo’lgan. Zamonaviy o’yinlarga barcha millatlarning sportchilari taklif etiladi. Tag’in bir jiddiy farq shundaki, xotin-qizlar bellashuvlari ham zamonaviy o’yinlarning muhim qismiga aylandi. G’olibalar ham xuddi g’oliblar kabi hurmat-e’tiborga sazovar bo’lishadi. Qadimgi o’yinlarda madaniy yutuqlar uchun mukofot mavjud bo’lgan, zamonaviy musobaqalar esa — tamomila atletikaviydir. Zamonaviy olimpiadalarda o’tkaziladigan ko’pgina musobaqalar ilgari noma’lum edi. Quyidagilar ana shu siraga kiradi: velosiped sporti, yaxta va kanoyeda poyga, futbol, basketbol, dzyudo, miltiqdan o’q otish va vaterbol. Zamonaviy olimpiadalarning eng mashhur voqealaridan biri marafon sanaladi. Ushbu mashaqqatli qirq ikki kilometrdan ko’proqqa yugurish — yuguruvchilar chiniqqanligining oliymaqom sinovi. Marafon, u Yunonistonda kurtak yozganligiga qaramay, qadimgi olimpiadalar dasturiga kiritilmagan edi. Va nihoyat, Olimpiada tarixidagi nisbatan bizga yaqin yangilik — bu, birinchi marta 1924 yilda o’tkazilgan qishki Olimpiada o’yinlari. Ular yozgilaridan alohida, lekin aynan o’sha sanada o’tkaziladi. Qishki olimpiadalar chang’i sporti, chang’ida yugurish, figurali uchish, muz ustida xokkey, biatlon bo’yicha musobaqalarni nazarda tutadi. Sovuq havo zarur bo’lgan bunday sport turlari Yunonistonning tafti baland ihlimida hech qachon vujudga kela olmasdi. Olimpiya bayrog’ini bezagan besh halqa yer kurrasining odamlar yashaydigan qit’alarini bildiradi. Bu degani, o’yinlarda barcha mamlakatlarning sportchilari ishtirok eta oladilar, demak. 1913 yilda xalqaro qo’mita Olimpiya o’yinlari emblemasini beshta har xil rangdagi halqalar ko’rinishida tasdiqlagandi. Ancha oldinroq, 1894 yilda, Olimpiya Xartiyasi — O’yinlar nizomi tasdiqlangan bo’lib, unga ko’ra terisining rangidan, tabaqa va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar butun dunyo sportchilari o’yinlarda ishtirok eta oladilar. Emblemaning zangori halqasi Yevropaning, qorasi — Afrikaning, sarig’i — Osiyoning, qizili — Amerikaning va yashili — Avstraliya bilan Okeaniyaning ramzidir. Beshta qit’a ustida bitta Quyosh — do’stlik va tinchlik oftobi balqib turadi. Tag’in, xuddi qadimgi Yunonistondagi singari, Quyosh nurlari butun Olimpiya o’yinlari davomida yonib turadigan mash’alani yoqadi.