Hun xoqonligi

Hun xoqonligi, ulug’hun xoqonligi, Hunlar davlati — Markaziy Mo’g’uliston, Baykalorti, Xesi yo’lagi, Shimoliy Xitoyda qadimda mavjud bo’lgan davlat (miloddan avvalgi 240 — milodiy 216). Xitoy manbalarida «shyunnu» nomi bilan qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-asr oxirida (214 yil) birinchi Xitoy imperiyasi — Tsin (chin) davlati hunlarga hujum qilib, ularga tegishli ba’zi hududlarni bosib olgan. Shundan so’ng, ular o’rtasida uzoq muddatli urush boshlangan. Tsin imperiyasi mudofaa devori qurib hunlarning otliq qo’shinlari hujumiga qarshi to’siq yaratishga kirishgan. Shunga qaramay, miloddan avvalgi 209 yil yangi tashkil etilgan G’arbiy Xanning dastlabki davrida hunlar ilgari yo’qotgan hududlarni qaytarib olishga erishganlar. Miloddan avvalgi 209 yil Mode Ruzie davlatidagi tutqunlikdan qochib qutulib otasidan hokimiyatni tortib olgan. U chorak asr davomida atrofdagi barcha turkey qabilalarni tobe etib, mustaqil Hun xoqonligini tashkil etgan. Miloddan avvalgi 177-176 yillarda hunlar G’arb tomonga yurish qilib, Sharqiy Turkiston va uning g’arbidagi 26 davlatni, jumladan, Krurona, Usun, Xujis (O’g’uz) kabi xonliklarni bo’ysundirgan. Qang’ (Qangkiya, Kangyuy) davlati ham hunlar xoqoniga tobelik izhor etib, u bilan qudalashgan. Xitoy bilan Hun xoqonligi o’rtasidagi chegara Buyuk Xitoy devoridan o’tgan. G’arb bilan Xitoyni bog’lab turuvchi barcha savdo yo’llari Hun xoqonligi nazoratiga o’tgan. Xitoy hukmdorlari Hun xoqonligi bilan quda-andachilik qilish va ularga o’lpon tariqasida sovg’a-salomlar yuborib turish evaziga o’zlarini himoya qilishga majbur bo’lishgan. Hunlar tobe mamlakatlarda davlatni idora etish usulini saqlab qolishgan. Shu tufayli ayrim olimlar Hun xoqonligini konfederatsiya tuzumiga qiyoslashadi. Hun xoqonligining oliy hukmdori «Tangriqut» (Xitoy manbalarida tanyi, Shangyuy, shanyuy) deb atalgan bo’lib, u «tangri farzandi» degan ma’noni anglatgan. Undan keyingi o’rinda so’l qo’l xoni va o’ng qo’l xoni kabi kichik xonlar lavozimi joriy etilgan. Harbiy ishlar bo’yicha so’l qo’l qo’mondon va o’ng qo’l qo’mondon kabi 2 bosh qo’mondonlik lavozimlari ta’sis etilgan. Hun xoqonligiga tobe o’lkalarni Markaziy hokimiyat tomonidan qo’yilgan 14 ta kichik xon boshqargan. Mamlakat hududi har biri 10 ming oiladan iborat tumanlarga bo’lingan. Tuman boshliqlari kichik xonlar nazoratida bo’lgan. Miloddan avvalgi 2-asrning 2-yarmida G’arbiy Xan imperiyasi kuchayib, Hun xoqonligiga qarshi urush boshlagan (miloddan avvalgi 129 yil). Xitoyliklar Hun xoqonligiga qaram davlatlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilgan. Chjan Szyanning Davan (Farg’ona) davlatiga yuborilishi mazkur siyosat bilan bog’liq bo’lgan. Hun xoqonligining tashqi siyosati G’arbiy Xan imperiyasining tajovuziga qarshi o’zini mudofaa etishga qaratilgan, g’alaba goh u tomon, goh bu tomonda bo’lib turgan. Miloddan avvalgi 73-48 yillarda 5 ta hun yobg’usi (hokimi) o’rtasida boshlangan urush hunlarni zaiflashtirgan. Bundan foydalangan Xan hukmdori Syuandi (miloddan avvalgi 73-48) shimoliy hunlar tangriqutini Qang’ davlatiga chekinishga majbur etgan. Miloddan avvalgi 38 yil G’arbiy Xan hukmdori Yuandi Qang’ davlatiga urush e’lon qilgan. Qang’ xoni Xitoy bilan kelishishga va o’g’lini Xitoy poytaxti Changanga garov tariqasida yuborishga majbur bo’lgan. Biroq Xitoydagi ichki siyosiy va ijtimoiy vaziyat keskinlashgan, natijada G’arbiy Xan sulolasi qulagan. Shundan so’ng Hun xoqonligi yana kuchaygan. Milodiy 25 yil Sharqiy Xan imperiyasi tashkil topgan, xitoylar bilan hunlar o’rtasidagi kurash yana avj olgan. Natijada milodiy 48 yil Hun xoqonligi Janubiy va shimol qismga ajralib ketgan. Janub hunlar xitoylar bilan til topishib, o’zaro tinchlik munosabatlari o’rnatishga majbur bo’lganlar. Sharqiy Xan davlati bundan foydalanib, shimoliy hunlarga qarshi kurashni davom ettirgan. 89-134 yillardagi urush xitoyliklarga g’alaba keltirgan. Tarim vohasidagi asosiy shaharlar hunlardan tortib olingan. Hunlar Qang’davlati hududiga chekinib, 2 asrga yaqin mazkur davlat erlarida yashaganlar. 5-asrning boshida Issiqko’lning g’arbida hunlar Yueban (Yaypan) davlatini tashkil etgan. Bu davlat keyinchalik Ili vodiysi va uning Janubdagi yerlarni o’z nazorati ostiga olgan. Shimoliy hunlarning boshqa qismi G’arbga chekinib, u yerdagi mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan va Yevropada gunnlar nomi bilan mashhur bo’lgan yangi xalqqa asos solishgan. Abdulahad Xo’jayev.