Huquq layoqati

Huquq layoqati – huquqiy munosabat ishtirokchilarining ma’lum huquqlarga ega bo’lish va shunga yarasha majburiyat (burch) ola bilish layoqati. Fuqarolik huquq va burchlariga ega bo’lish fuqarolik Huquq layoqati demakdir. Barcha fuqarolar, shuningdek, yuridik shaxslar Huquq layoqatida tengdirlar. Huquq layoqati huquqning fuqarolik huquqi sohasida ko’p uchraydi. Fuqaroning Huquq layoqati odatda, u tug’ilganida vujudga keladi va vafot yetishi bilan tugaydi. Ba’zan Huquq layoqati bola tug’ilmasdan ham vujudga keladi. Meros huquqiga ko’ra, ochilajak merosda homilaning ham Huquq layoqati yotadi. Fuqarolik qonunchiligi bo’yicha, Fuqarolarning Huquq layoqati mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo’lish; mulkni meros qilib olish va vasiyat qilib qoldirish; bankda jamg’armaga ega bo’lish; tadbirkorlik, dehqon, fermer xo’jaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qo’yilmagan boshqa faoliyat bilan shug’ullanish; yollanma mehnatdan foydalanish, mustaqil ravishda yoki boshqa fuqarolar va yuridik shaxslar bilan birgalikda yuridik shaxslar tashkil etish; qonunga zid bo’lmagan har qanday bitimlar tuzish va majburiyatlarda qatnashish; boshqa shaxslar tomonidan yetkazilgan zararning to’lanishini talab qilish; mashg’ulot turini va yashash joyini tanlash; fan, adabiyot va san’at asarlarining, ixtirolarning, qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega bo’lishda o’z ifodasini topadi. Yuridik shaxslar o’z ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat maqsadlariga muvofiq Huquq layoqatiga ega bo’ladilar. Yuridik shaxsning Huquq layoqati u tuzilib, davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi va u tugatilgan paytdan e’tiboran tamom bo’ladi. Yuridik shaxsning maxsus Huquq layoqati uning o’z ustavi, nizomi yoki qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Mirodil Baratov.