Huquq ob’yekti

Huquq ob’yekti – huquqiy munosabatda ishtirok etayotgan sub’yektlarning diqqat-e’tibori, manfaati, xatti-harakati qaratilgan tayin ne’mat, narsa, jarayonlar. Masalan, uy-joy oldi-sotdi shartnomaviy munosabatining ob’yektini uy-joy tashkil etadi; odam joniga qasd qilish jinoyatining ob’yekti — insonning hayoti va shu kabilar. Huquqiy munosabatlarning ob’yekti hayot hodisalari, ijtimoiy voqeliklar kabi turli-tumandir. Ularni asosan quyidagicha tasniflash mumkin: buyumlar, ashyolar, moddiy olam ne’matlari; ma’naviy ijod mahsulotlari; inson faoliyati, xulq- atvori; shaxsiy nomulkiy ne’matlar. Tabiat ne’matlari va odamning mehnat faoliyati jarayonida yaratilgan narsalar yuridik ma’noda buyum (ashyo) lar bo’lib, ular asosida huquqiy munosabatlar kelib chiqadi. Moddiy olam ne’matlari ob’yekt bo’luvchi huquqiy munosabatlarga oldi-sotdi, mahsulot ayirboshlash, hadya, meros kabi munosabatlar kiritiladi. Intellektual-aqliy faoliyat natijasi ma’naviy ijod mahsulotlari bo’lib, ular yuzasidan ham turli huquqiy muno- sabatlar kelib chiqadi. Inson faoliyati, xulq-atvori ham huquqiy munosabatlar vositasida tartibga solinuvchi ob’yekt sifatida ko’riladi. Huquqiy munosabatning shaxsiy nomulkiy ob’yekti deganda insonning bevosita shaxsiyati bilan bog’liq narsalar — uning hayoti, qadr-qimmati. sha’ni, sog’lig’i kabilar tushuniladi. Bular jinoyat qonuni, fuqarolik, ma’muriy, nikoh va oila hamda boshqa Qonunchilik sohalari tomonidan muhofaza etiladi.