Huquq sub’yekti

Huquq sub’yekti – qonunga binoan huquqqa ega bo’lish va zimmasiga yuridik majburiyatlar olish layoqatiga ega bo’lgan jismoniy yoki yuridik shaxs. Huquq sub’yekti huquqning barcha sohalarida huquqiy munosabatlarning zaruriy belgisi bo’lib, ularning har birida sub’yektlarning mavqei muayyan o’ziga xoslikka ega. Masalan, fuqaroviy huquqiy munosabatlarda fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqarolikka ega bo’lmagan shaxslar jismoniy shaxs sifatida; tijorat va notijorat tashkilotlari yuridik shaxs sifatida qatnashadilar; fuqaroviy huquqiy munosabatlar sub’yektlarining uchinchi turini davlatning o’zi, davlat va mahalliy tuzilmalar tashkil etadi. Ma’muriy huquqiy munosabatlarda asosan davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar va ayrim hollardagina tashkilotlar (yuridik shaxslar) Huquq sub’yekti bo’la oladi. Qonun biror shaxs yoki tuzilmani Huquq sub’yekti sifatida tan olar ekan, uning davlat, davlat tashkilotlari, boshqa shaxslarga nisbatan tutgan o’rnini tavsiflovchi huquqiy maqomini belgilab beradi.