Huquqiy davlat

Huquqiy davlat – davlat tuzilishi va faoliyatining huquqiy asoslanganligi. Huquqiy davlat g’oyasini antik mutafakkirlar ilgari surgan edilar. I.Kant esa unga ilmiy-falsafiy ta’rif bergan. Huquqiy davlatda davlatning quyidagi printsiplar asosida faoliyat yurgizishi va amal qilishi shart hisoblanadi: xalq suvereniteti; shaxsning huquq va erkinliklarining hech kim, shu jumladan, davlat tomonidan ham har qanday holda buzilmasligi; Konstitutsiya va qonunning ustunligi; hokimiyatning bo’linishi tamoyiliga amal qilish; sudlarning mustaqilligi, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustun bo’lishi. Huquqiy davlatda eng oliy qadriyat inson hisoblanadi. Davlat faqat huquq normalarini yaratib qolmay, o’zi ham ularga amal qilishi Huquqiy davlatning eng muhim xususiyatidir. Huquqiy davlat demokratiyaning ajralmas belgisidir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida O’zbekiston xalqi insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko’zlab o’zining Muxtor vakillari siymosida davlatimizning asosiy qonunini qabul qilishi ta’kidlab o’tilgan. O’zbekistonning mustaqil davlatchiligi davrida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi g’oyasi xalq ijtimoiy ongining tarkibiy qismiga aylandi. Qonunni chetlab o’tish emas, aksincha, qonun talablari asosida, unga mos va muvofiq ravishda yashash lozimligi kishilar ongiga tobora singib bormoqda. davlat inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashning izchil huquqiy mexanizmini yaratish tadbirlarini amalga oshirdi.