Hushsizlik, hushdan ketish

Hushsizlik, hushdan ketish — miyaning qon bilan ta’minlanishi buzilishi natijasida qisqa muddat ro’y beradigan holat. Ruhiy iztirob (qo’rqish, hayajonlanish), og’riq (buyrak, jigar og’rig’i), ichak sanchig’i, oftob urishi ta’sirida, ba’zida gorizontal holatdan tik holatga o’tganda va boshqalarda uchraydi. Ko’pincha o’ta toliqqan, och qolgan, infektsion kasalliklar bilan og’rigan kishilarda kuzatiladi. Hushsizlik Markaziy nerv sistemasi yoki yurak faoliyati buzilganlik belgisi bo’lishi mumkin. Hushsizlik oldidan bemorning boshi aylanadi, bo’shashadi, ko’zi tinadi, qulog’i shang’illaydi, qo’l-oyoqlari uvushadi; ba’zan Hushsizlik holati shu belgilar bilan o’tib ketishi, bemor hushini butunlay yo’qotmasligi ham mumkin. Hushsizlik da bemorning nafas olishi sustlashib, ko’z qorachig’i torayadi, so’ng kengayadi va yorug’likdan ta’sirlanmaydi, pulsi zaiflashadi, tanasini muzdek ter bosadi, rangi oqarib, to’satdan yiqiladi. Hushsizlik bir necha sekunddan 1-2 minutgacha, ba’zan undan ko’proq davom etishi mumkin. Yurak-tomir sistemasida jiddiy o’zgarishlar bo’lmasa, Hushsizlik tezda o’tib ketadi; bemorning es-hushi, rangi o’ziga kelib. Pulsi va nafas olishi normallashgani bilan bosh og’rig’i, quvvatsizlik. horg’inlik alomatlari anchagacha davom etib turadi. Hushsizlikda bemorni hushiga keltirish uchun u yotgan xona sof havo bilan shamollatiladi, siqib turadigan kiyimlari bo’shatiladi, bosh tomonini pastroq qilib yotqiziladi; yuzi va ko’kragiga sovuq suv purkaladi yoki sochiq ho’llab bosiladi; nashatir spirti hidlatiladi va chakkasiga surtiladi (sirka yoki odekolon surtsa ham bo’ladi), oyog’iga issiq grelka qo’yiladi yoki dag’alroq narsa bilan ishqalanadi. Bemor hushiga kelgach issiq shirin choy yoki kofe ichiriladi. Hushsizlik ro’y berganda, albatta, vrach chaqirish kerak.