Husam ota majmuasi

Husam ota majmuasi – Qashqadaryodagi me’moriy yodgorlik (11 — 19-asrlar); Koson tumanidagi Pudina qishlog’ida. Majmua maqbara, masjid, ziyoratxona, tahoratxona, 3 darvozaxona, katta-kichik bir necha maqbaradan iborat (umumiy tarhi 60×60 metr). Majmua markazida Husam ota maqbarasi (11 —12-asrlar, bir necha marta qayta tiklangan), ziyoratxona (6,5×6,5 metr) va 2 kichik daxma (bu daxmalarda Husam otaning o’g’illari dafn etilgan), uning shim. tomonida 9 gumbazli masjid joylashgan (16-17-asrlar, 20-asr boshida ta’mirlangan). Masjid yonidagi tor yo’lak orqali majmuaning eng qadimgi binosi — Ishoq ota maqbarasi (5,5×6 metr)ga o’tiladi (11-asr); maqbara peshtoq-gumbazli, burchaklariga guldastalar ishlangan. Ishoq ota maqbarasining bir tomonida 1 xonali daxma (rivoyatlarga ko’ra Ishoq otaning qizi dafn etilgan, 12-asr), boshqa tomonida Mansur Muhammad degan kimsaning 2 xonali maqbarasi joylashgan. Hovli o’rtasida hovuz bo’lib, atrofi ko’kalamzorlashtirilgan. Ikkala guruh binolar asimmetrik bo’lib yagona ko’p gumbazli, tor hovlili mujassamotni tashkil qilgan. 19-20-asr boshlarida qadimgi poydevor ustiga ustunli ayvon, gumbazli masjid qurilgan.