IBN MOJA
IBN MOJA (to’liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja ar-Rab’i al-Qazviniy) (824, Qazvin, Eron — 886) — yirik muhaddis. Yoshlik yillaridan boshlab payg’ambar (sav) ning hadislari va boshqa diniy ilmlarni o’rganishga kirishdi. Hadis yig’ish niyatida Iroq, Hijoz, Shom, Misr, Kufa, Basra va Islom olamining boshqa shahar va davlatlariga sayohat qildi, ko’plab Shayx, muhaddislardan dars oldi, bahs, munozaralarda ishtirok etib, hadis ilmining bilimdoniga aylandi. Ibn Moja ko’plab shogirdlar yetishtirgan. Ibn Moja keng qamrovli olim edi. U o’z asrigacha yashagan kishilar hamda shaharlar haqida «kitob at-Tarix» («Tarix Kitobi»), Qur’on sharhi hisoblanmish «tafsir al-Qur’on al-Karim» («Qur’oni Karimga tafsir») asarlarini yozgan. Ibn Mojaning asosiy asari — «kitob as-Sunan» ni musulmon olimlarining ko’pchiligi «Sihah as-sitta» («olti sahih hadislar to’plami») ga oltinchi to’plam sifatida kiritgan. Bu asar 32 qism, 1500 bobdan iborat bo’lib, unda 4341 ta hadis jam qilingan, ulardan 3002 tasi beshta «Sahih» to’plamlarida berilgan hadislar bilan mos keladi. 1339 ta hadis esa qo’shimcha hisoblanadi. Ibn Mojaning «Kitob as-Sunan» asariga alhofiz Jaloliddin as-Suyutiy (1505 yil vafot etgan) va Shayx assindi almadiniy (1725 yil vafot etgan) sharxlar yozishgan.