IBODIYEV ABDUVAHOB
IBODIYEV ABDUVAHOB, Mulla Abduvahob Ibodiy (1877, Qo’qon — 1943) — O’zbekistonda maorif tashkilotchilaridan, taraqqiyparvar muallim. 23 yoshidan maorif ishlari bilan shug’ullangan. Madrasada tahsil olgach, 1901 yil Qo’qonda «Maktabi voqiya» («hayot maktabi») deb nomlangan yangi usuldagi maktab ochdi va o’zi muallimlik qildi. Keyinchalik maktab «urfon» («ilm») deb nomlandi va 1918/19 o’quv yilidan 1namuna xalq maktabiga aylantirildi. Bu yerda o’zi mudir va muallim bo’lib ishladi. 1919 yil yetim va muhtoj bolalar uchun Qo’qonda 100 o’rinli internat tashkil etildi va Ibodiyev unga mudir qilib tayinlandi. 1923 yil Ibodiyev Qo’qon shahri maorif bo’limining topshirig’i bilan 2 bosqichli o’zbek maktabini tashkil etdi (1-bosqich 1-3 sinf, 2-bosqich 4-5 sinfdan iborat bo’lgan) va shu maktabda mudir hamda muallim bo’lib ishladi. Akademik Tesha Zohidov, shoir va publisist Shokir Sulaymon va boshqalar shu maktabni tugatganlar. 1927 yil internatlar qayta tashkil etilishi munosabati bilan Ibodiyev bolalar uyida qariyb 10 yil mudir bo’lib ishladi. Ibodiyev yangi usul maktablari uchun nashr qilingan «tahsil-ul alifbo» («Alifbo o’qishi», Toshkent, 1912) alifbe kitobi, «e’tiqodi Islomiya» («Islom e’tiqodi», Toshkent, 1914) qo’llanmasi muallifi. «Mehnat qahramoni» (1936). Qatag’onga uchrab 1937 yil 16-sentabrda qamoqqa olingan va o’sha yerda vafot etgan.