IBODIYLAR

IBODIYLAR, abodiylar — xorijiylar jamoalaridan biri, 7-asrning 2-yarmida yashagan Abdulloh ibn Ibod (Abod) izdoshlari. Ular o’z qo’zg’olonlari bilan abbosiylarning hokimiyatni egallashlariga yordam berganlar. Hozirgi Shimoliy Afrikada, Ummon, Zanjibarda Ibodiylar jamoalari bor. Ibodiylar diniy-siyosiy karashlari asosini imomat haqidagi ta’limot tashkil etadi. Ular yagona imomat g’oyasini qat’iy qilib qo’ymasalarda, bir vaqtning o’zida musulmon olamining turli joylarida bir necha imomlar bo’lishi mumkin, deb hisoblaganlar. Ibodiylarning qarashlarida sunniylar va mu’taziliylarning aqidaviy g’oyalari o’z ifodasini topdi. Ibodiylar odamlarning qilmishlarini vujudga keltiruvchi Allohdir, deb biladilar. Ibodiylar siyosiy va diniy sabablarga ko’ra kishini o’ldirishni rad etgan (xorijiylarning aqidasi) bo’lsalar ham antropomorfistlar (Xudoni odam qiyofasida tasavvur qiluvchilar) ni o’ldirsa bo’ladi, ularni, xotinlari va bolalarini asir olish, mol-mulklarini o’lja sifatida qo’lga kiritish mumkin, deb hisoblardilar. Boshqa xorijiylardan farqli ravishda Ibodiylar musulmonlar orasidan chiqqan o’z raqiblarini «kofir» sanamasdilar, ular bilan nikohlanishga ruxsat berardilar. Ibodiylar ta’limotining tarafdorlari ko’pgina musulmon mamlakatlarida bor edi, biroq ular diniy sohada ham, siyosiy sohada ham yakdil bo’lmaganlar. Ularning diniy e’tiqod va marosimlari sunniylik va shialikdagi oqim, firqalardagi e’tiqod va marosimlardan o’zining ayrim xususiyatlari bilan farq qiladi.