IBROHIM
IBROHIM — Qur’onda nomi zikr etilgan payg’ambarlardan biri, o’zidan keyin o’tgan barcha payg’ambarlarning bobokaloni, arablar va yahudiylarning umumiy ajdodi. Allohning chin do’sti (Xalilulloh), Imom, Siddiq va Hanif deb ta’riflanadi. Yahudiy-xristian diniy adabiyotlarida Avraam nomi bilan ma’lum. Bobilda tavallud topgan. Avvaliga yulduz, oy, quyoshga sig’inmoqchi bo’lgan, keyin yolg’iz Allohga ibodat qila boshlagan. Otasi ozor va qavmlarni ham ana shunga da’vat qilgan. Ular bilan bahslashgan, ammo ishontirolmagach, otasi va qavmlari sig’inib yurgan hamma butlarni sindirib tashlagan. Shu sababli uni yondirib yubormoqchi bo’ladilar. Ammo u Alloh irodasi bilan olovdan sog’-salomat chiqqanligi Qur’onda bayon qilingan. Qur’onda yozilishicha, Alloh Ibrohimga qariganda ikki farzand bergan. Bular Ismoil va Ishrq (as) lardir. Ismoil (as) Muhammad (sav)ning katta bobosi, Ishrq esa, Iso (as) va undan avval o’tgan payg’ambarlarning katta bobosidir. Makkai mukarramada Baytulloh (Allohning uyi) ning bunyod bo’lishi, Islom arkonlarining 5-farzi — haj qilish Ibrohimga borib taqaladi. Ka’badagi «Ibrohim joyi» («Ibrohim maqomi») musulmonlar ziyoratgohidir. Diniy adabiyot yagona Xudoga e’tiqod qilish, qurbonlik uchun odam o’rniga jonivor so’yish, xatna qilishni Ibrohim (as) nomi bilan bog’laydi. Manbalarda Ibrohimning 175 yil umr ko’rganligi, o’g’illari uni Madinatul Xalil (Xevron, Falastin) ga dafn etganligi yozilgan. Bu qabr ziyoratgoh hisoblanadi.