Ichki va tashqi chizilgan shakllar

Ichki va tashqi chizilgan shakllar (elementar matematikada) — bir shaklning ichiga yoki tashqarisiga chizilgan shakllar. Bir shaklning hamma uchlari ikkinchi shakl ichida yotsa, birinchi shakl ikkinchisiga nisbatan ichki chizilgan, ikkinchi shakl birinchisiga nisbatan tashqi chizilgan deyiladi. Ko’pburchakka tashqi chizilgan aylana — uning hamma uchlaridan o’tuvchi aylana, ichki chizilgan aylana esa uning tomonlariga urinuvchi aylana bo’ladi. Uchi aylanada yotib, tomonlari u bilan kesishuvchi burchak ichki chizilgan burchak bo’ladi. Bir nuqtadan chiqib, aylanaga urinuvchi ikki to’g’ri chiziqdan tashkil topgan burchak tashqi chizilgan burchak deyiladi. Uchburchakning bir tomoni va qolgan ikki tomoni davomiga uringan aylana ichki-tashqi chizilgan aylana bo’ladi. Ichki-tashqi chizilgan aylana uchburchakning tashki sohasida joylashadi. Hamma yoqlari biror sharga uringan ko’p yoklik sharga tashqi chizilgan, shar esa ko’pyoqlikka ichki chizilgan deyiladi.