Ish davri

Ish davri — ishlab chiqarish vaqtining bir qismi bo’lib, ish vaqtidan foydalanish darajasini ifodalovchi ko’rsatkich. Ish davri davomida bevosita mehnat amalga oshadi, mahsulot qiymati yaratiladi, Ish davrining haqiqiy o’rtacha davomiyligi ko’rsatkichlari (ish yili, choragi, oyi) tegishli davrda haqiqiy ishlangan kishi-kunlarini ishchilarning ayni davrdagi ro’yxat bo’yicha o’rtacha soniga bo’lish bilan; ish kuni esa haqiqiy ishlangan kishi-soatlarini haqiqiy ishlangan kishi-kunlarga bo’lish bilan; ish haftasi davomiyligi ish kunining haqiqiy o’rtacha davomiyligini ish kunlari soniga (olti ish kunlik haftada — oltiga, besh ish kunlik haftada — beshga) ko’paytirish orqali hisoblanadi. Ish davri asosida ish yili, choragi, oyi, haftasi, kunidan foydalanish koeffisienti hisoblanadi, bu koeffitsient Ish davrining xaqiqiy davomiyligini belgilangan davomiylikka bo’lish orqali aniqlanadi.