Ichkuyov
Ichkuyov — nikohdan so’ng kelinning otasinikida yashaydigan kuyov. Ichkuyov Sharqda, xususan, O’rta Osiyo xalqlari o’rtasida tarqalgan. Ichkuyovning paydo bo’lishi katta omlaning yemirilib, uning o’rnida kichik oila (qalin to’lashga asoslangan nikoh) ning paydo bo’lish davriga to’g’ri keladi. Ba’zi xalqlarda matrilokal joylashuv asosiy o’rinda turadi. Ichkuyovlik Osiyo va Afrikadagi ko’pgina xalqlarda hozirgacha turli shakllarda saqlanib kelmoqda. O’rta Osiyo xalqlarida bu jarayon milodiy 1-ming yillikning 2-yarmidan boshlangan. Ichkuyovlikning turlaridan biri ishlab berishdir. O’tmishda qalin to’lashga qurbi etmaydigan yigit bo’lg’usi qaynotasi uyida turib, ma’lum muddat ishlab berishga rozi bo’lar, bu muddat tugagach, qalin majburiyatidan ozod bo’lardi. Ichkuyovlikning yana bir turi — kuyovning kelin oilasiga kirishidir. Bunday hol o’zbeklarda ko’ch kuyov (kuchidan foydalanish mumkin bo’lgan kuyov), tojiklarda Xonadomod (uy kuyov) deb ataladi. Hozirgi davrga kelib Ichkuyovlik mazmunan o’zgardi. Ishlab berish orqali Ichkuyov bo’lish odati tamoman tugadi. Yagona qizi bo’lgan (yoki qizi bilan qolgan) keksa ota-ona kuyovni Ichkuyov qilmoqchi bo’lsa, uni teng huquqli, ya’ni o’z o’g’liday, hatto, oilaga boshliq qilib qabul qiladi.