Ideal

Ideal (Yunoncha idea — timsol, g’oya, tu-shuncha) — biror narsa, voqea va hodisaning oliy namunasi, kamoloti; ayrim shaxs, shaxslar guruhi, tabaqa va jamiyat intiluvchi oliy maqsad. Ijtimoiy-siyosiy Ideal — mukammal ijtimoiy tuzum; axloqiy Ideal — barkamol inson sifatlari, insoniy munosabatlar; estetik Ideal — har taraflama kamolga yetgan go’zal ko’rinish, xislat, tavsif. Ideal muayyan tarixiy sharoitda ijtimoiy hayotning barcha jabhalari bilan chambarchas bog’liq holda shakllanadi. Idealning amalga oshishi yoki oshmasligi uning voqelik bilan bog’liqligiga, taraqqiyotni qanchalik to’liq va to’g’ri in’ikos ettirishga bog’liq. Kishilar tarixda estetik va axloqiy Idealni orzu qilib, bu orzularni ertak va dostonlarda ifodalaganlar. Masalan, Rustam va Farhod, Layli va Shirin faqat jismoniy jihatdan baquvvat hamda go’zal bo’lib qolmay, ular yuksak odamiylik fazilatlariga ham ega. Ideal real mavjud bo’lib, go’zallikning yuqori darajada namoyon bo’lishidir. U hayotdagi, san’atdagi ob’yektiv go’zalliklar haqida mukammal, to’liq sub’yektiv tushunchalarimizdan iborat. Ideal deganda, birinchi navbatda, inson go’zalligi tushuniladi. Har tomonlama yetuk, go’zal kishi bizning estetik Idealimizdir. Har bir millat go’zallik haqida o’z milliy Idealiga ega, chunki ishlab chiqarish usuli, yashash sharoiti, geografik muhit, psixologiyasi turlichadir.