Ideal shahar loyihasi

Ideal shahar loyihasi – Uyg’onish davrida Italiya me’morlari tomonidan yaratilgan. Miloddan avvalgi 1-asrning 2-yarmida yashagan Rim me’mori va muhandisi Vitruviyning yunon va qadimgi Rim me’morlari tajribalarini umumlashtirib yozgan «me’morlik haqida o’n kitob» risolasiga rioya qilib, o’z davrida ilm va texnika yutuqlariga, davr estetik ideallariga tayanib Ideal shahar loyihasini yaratdilar (1450-1615). Loyihalarda shahar xududini turar joy, ma’muriyat, savdo, ishlab chiqarish, jamoat majmualariga ajratib qurish, shaharliklarni kasbikori, tabaqasiga ajratib joylashtirish ko’zda tutilgan. Ideal shahar loyihasiga rioya qilib Terra del Sole (1564), La Valetta shahri (1566) va Palma Nuova (1593— 95) qal’alari, Grammikele shahri (1693) va boshqa bir necha shaharcha qurilgan. Sharqda Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Nizomiy, Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqalar o’z ijodida Ideal shahar loyihasi masalasiga to’xtalgan. Forobiyning «ideal shahar aholisining maslagi» asarida «haqiqiy baxtga erishish maqsadida o’zaro yordam qiluvchi qismlarni birlashtirgan shahar ideal shahardir, baxtga erishish maqsadida Birlashgan kishilar jamoasi ideal jamoadir. Baxtga erishish maqsadida o’zaro yordam bergan xalq ideal xalqdir», deyilgan. Ideal shahar loyihasida ilgari surilgan asosiy g’oyalar, ko’zda tutilgan muhim maqsadlar keyingi davrlar me’morlik san’atida muhim ahamiyat kasb etdi. Shaharlarni aholiga qulay, ko’kalamzor, zonalarga ajratish va shu kabilar fikrlar keyingi asrlar me’morlari loyihalarida rivojlantirildi.