Idiosinkraziya

Idiosinkraziya (Yunoncha idios – o’ziga xos va synkrasis — aralashuv) — odam organizmining ba’zi ovqatlarga (sut, qulupnay, tuxum va boshqalar) va dori moddalarga (penisillin, sulfanilamide preparatlar, piramidon, xinin, yod, brom va boshqalar) ortiq darajada sezuvchanlik holati. Idiosinkraziya allergik holatlardan biri. Idiosinkraziyaning rivojlanishida irsiy moyillik katta rol o’ynaydi. U shilliq pardalarning qizarishi, eshakem toshishi va burun, badan qichishib achishishi, temperatura ko’tarilishi bilan namoyon bo’ladi. Og’irroq hollarda nafas qisishi, astmaga o’xshash hurujlar, qusish, ich ketishi mumkin. Betoblik holati bir lahzada yoki bir necha kundan keyin o’tib ketadi. Idiosinkraziyaning rivojlanish mexanizmi allergik reaktsiyadan farq qilib, bunda antitelo va sensibillashgan hujayralar paydo bo’lmaydi; kishi o’ta sezuvchan bo’lgan modda organizmga kirishi bilan unga javob reaktsiyasi vujudga keladi. Idiosinkraziya paydo bo’lganda uni keltirib chiqargan ovqat yoki dorilarni tark etib, vrachga murojaat qilish kerak.