Igna, Nina

Igna, Nina — 1) tikuvchilik, trikotaj ishlab chiqarish, matbaa va boshqalarda keng ishlatiladigan tikuv quroli. Tikuvchilik Ignasining qo’lda va mashinada tikadigan xillari bor; qo’lda tikadigan Igna xilma-xil yo’g’onlikdagi po’lat simdan suyri, o’tkir, ip o’tkaziladigan teshikli qilib yasaladi. Ular uzunligi va diametriga qarab raqamlarga bo’linadi (masalan, 1 dan 9-raqamgacha bo’lgan Ignaning yo’g’onligi 0,6 dan 1,0 millimetrgacha, uzunligi 30 dan 50 millimetrgacha). Kiyim-kechak, ko’rpa-to’shak va hokazolar tikishda ishlatiladi. Katta-kichikligi va yo’g’on-ingichkaligiga qarab, chok Ignasi (chok tikish uchun), qaviq Ignasi (qavish uchun), palak Ignasi (palak tikish uchun), so’zan Ignasi (hurjun, to’rva, etik, mahsi va hokazolar tikish uchun), mashina Ignasi (tikuv mashinalari uchun) kabi xillarga bo’linadi. Igna yuzdan bir mm larda ifodalangan raqamlar (№60— 0,60 millimetr, №120-1,2 millimetr) bo’yicha bir-biridan farq qiladi. Trikotaj Ignasi trikotaj mashinasining izma (petlya) hosil qiluvchi qismi. Ilgakli, tilli va o’yikli xillari ko’p tarqalgan; 2) tibbiyotda — jarrohlik operatsiyalarida yaralarni tikish uchun ishlatiladigan qurol; katta-kichik va turli yo’g’onlikdagi Ignalar bo’ladi. Shuningdek, shpris Ignalari ham bor; 3) matbaa Ignasi – yog’och dastaga mahkamlangan, uchi kesik konus yoki kurakcha ko’rinishidagi ingichka po’lat sterjen; odatdagi tikuvchilik Ignasiga o’xshash bo’ladi. Ofort (naqsh) va gravyuralar hosil qilishda qo’llaniladi.