Ijara

Ijara (Arabcha — ijora) — 1) tarixiy-etnografik atama. Islom dini tarqalgan davlatlarda yer egalari tomonidan yerni ishlash uchun dehqonlarga berish shartlaridan biri; yer egasining haqini pul bilan to’lash. Yer egasi xaki hosildan ulush (natura tarzida) beriladigan bo’lsa muzora’a deb atalgan. 20-asrning 20-yillariga qadar O’rta Osiyoda ham keng rasm bo’lgan; 2) mol-mulkni yollash va undan foydalanish bo’yicha shartnoma. Unga ko’ra, bir tomon (Ijara beruvchi) ikkinchi tomon (Ijara oluvchi)ga ma’lum to’lov, ya’ni Ijara haqi evaziga mol-mulkni vaqtincha foydalanish uchun beradi. Ijara haqi mol-mulkning qiymati va keltiradigan daromadiga bog’liq bo’lib, o’zaro kelishuv bilan belgilanadi. Ijarachi ayrim jismoniy shaxs, yuridik shaxs va hatto davlat bo’lishi mumkin. Mehnat jamoalari o’z korxonalaridan, korxonalar esa bir-biridan Ijara shartnomasiga binoan asosiy ishlab chiqarish va noishlab chikarish vositalarini ma’lum muddatga qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatlarda samarali foydalanish va qo’shimcha daromadga erishish maqsadida oladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Ijaraning mukammallashgan shakllaridan biri lizingair. Tadbirkorlik faoliyatida bir necha marta foydalanishga mo’ljallangan va bunda uzoq vaqt mobaynida o’zining dastlabki holatini payqab qolib, davriy eskirib boradigan uskuna-jihozlar, mashinalar lizing ob’yekti bo’lishi mumkin. Qishloq xo’jaligida Ijara va Ijara munosabatlari o’ziga xos xususiyatlarga ega va Ijara ob’yekti sifatida yer resurslari asosiy o’rnida turadi. Xorijiy mamlakatlarda yer nafaqat birlamchi, balki ikkilamchi Ijaraga ham berilishi mumkin. O’zbekistonda yer davlat mulki, umumilliy boylik hisoblanib, u faqat birlamchi Ijaraga beriladi. Iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida O’zbekiston Respublikasida Yer oila pudrati bo’yicha 3 yildan kam bo’lmagan, fermer xo’jaliklariga 50 yilgacha, lekin 10 yildan kam bo’lmagan, bog’ va tokzorlar 10 yildan kam bo’lmagan muddatlarga Ijaraga beriladi (2002). Ijara va Ijara munosabatlari bilan bog’liq masalalar O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi (1998) va fuqarolik kodeksi (1996) hamda «Ijara to’g’risida» (1991 yil 19 noyabr), «Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida» (1998 yil 30 aprel), «Fermer xo’jaligi to’g’risida» (1998 yil 30 aprel), «Dehqon xo’jaligi to’g’risida» (1998 yil 30 aprel) va boshqalar. Qonunchilik hujjatlariga asosan tartibga solinadi va hal etiladi. Qurbon Choriyev.