Ijtihod

Ijtihod (Arabcha — g’ayrat qilish, intilish) — shar’iy hukmni hosil qilish uchun faqihning barcha bilim va tokatini ishga solishi. Ijtihod shar’iy hukmi kelmagan ishning maxsus qoidalarni ishga solib shar’iy hukmini aniqlash uchun qilinadi. Muhammad (sav) tirikligida u kishidan boshqa odam Ijtihod qilmagan. Bu mumkin ham emas edi. Ijtihod 7-asr oxirida vujudga kelgan. Bu vaqtga kelib sahobalarning Muhammad (sav) faoliyatlari, aytgan so’zlari haqidagi xabarlarida ixtilof paydo bo’lgan. Bundan tashqari, musulmon jamoasidagi hayot tarzining o’zgarib borayotganligi tufayli ko’plab huquqiy xarakterdagi muammolar tug’ilgan. Shuning uchun Ijtihodning asosiy maqsadi yangi yoxud o’tmishdoshlar tomonidan hal etilmagan masalalarni topish va Islomga tayanilgan va uni quvvatlagan holda hal etish bo’lgan. Islomda eng yuqori tabaqaga mansub faqihlargina shunday huquqqa (Ijtihod huquqiga) ega bo’lgan va ular mujtahidlar deb atalgan. Ijtihod, asosan, fiqhga.YuID masalalarda bo’lgan. Aqida va falsafaga oid masalalarda Ijtihod qilish mumkin bo’lmagan. O’rta asrlarda, aniqrog’i, 12-asrda ba’zi hokimlarning faqixlarni majbur qilib noto’g’ri hukm chiqarishga urinishlaridan, noahil odamlarning Ijtihodga o’zlarini urishlaridan ehtiyot qilib ulamolar, Ijtihod eshigi berkilganini e’lon qilganlar. Bu masalada xilof qilganlar ko’pchilikning qarshiligiga duchor bo’lganlar. Shu bilan birga goh-gohida Ijtihodni da’vo qilganlar ham chiqib turgan. Bunday shaxslarga Ibn Taymiya va Ibn Qayim misol bo’la oladi. Ammo Ijtihod eshigi berkitilganligi holati hozirgacha davom etib kelmoqda. Yaqin orada biror kishining Ijtihod qilganligi tan olingani yo’q. Ammo Ijtihod qilish zarurligi tobora ortib borayotgani haqidagi da’vatlar eshitilmoqda. Shu maqsadda yangi paydo bo’layotgan masalalarda Ijtihod qilish uchun Islom davlatlari uyushmasi, Islom olami robitasi, ba’zi bir mintaqa va davlatlarda Islom fiqhi akademiyalari tashkil qilingan va qilinmoqda. Ahadjon Hasanov.